«Mercedes-Benz» foydasi 17 foizga kamaydi
Nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisi yilning ikkinchi yarmida tiklanishga umid qilmoqda.
© Foto: dishcuss.com«Mercedes-Benz Group» 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha sof foyda va tushum kamayganini ma’lum qildi. Kompaniya natijalariga, avvalo, Xitoydagi sotuvlar keskin pasayishi ta’sir ko‘rsatgan – bu AQSH bozori va elektromobillar segmentidagi o‘sishni qoplay olmadi. Shu bilan birga, kompaniya yilning ikkinchi yarmi kuchliroq bo‘lishiga umid qilmoqda, ammo Yaqin Sharqdagi mojaro iste’molchilar ishonchini susaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Birinchi chorakda kompaniyaning sof foydasi yillik hisobda 17,2 foizga kamayib, 1,43 milliard yevroga tushdi. Tushum esa 5 foizga qisqarib, 31,6 milliard yevroni tashkil etdi. Yengil avtomobillar sotuvi 6 foizga pasaydi, avtomobil bo‘limi marjasi esa 7,3 foizdan 4,1 foizga tushib ketdi.
Eng katta salbiy ta’sir Osiyo bozori hissasiga to‘g‘ri keldi: bu hududda sotuvlar 24 foizga kamaygan. Jumladan, Xitofda, kompaniyaning eng yirik bozorida, pasayish 27 foizni tashkil etgan. Kompaniya buni modellar almashuvi, makroiqtisodiy noaniqlik va kuchli raqobat bilan izohladi.
Shu bilan birga, elektromobillar segmenti ijobiy natija ko‘rsatdi: to‘liq elektr avtomobillar sotuvi 9 foizga oshgan. Ammo gibrid avtomobillar savdosi 20 foizga kamaygan.
AQSHdagi o‘sish esa ma’lum darajada vaziyatni muvozanatladi – bu yerda sotuvlar 20,3 foizga oshgan. Biroq, AQSHdagi import avtomobillariga qo‘yilgan bojlar kompaniya foydasiga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Kompaniya ma’lum qilishicha, o‘tgan yilda bu kabi savdo cheklovlari tufayli yo‘qotishlar 1 milliard yevroni tashkil etgan.
Nima kutilyapti?
«Mercedes-Benz Group» yilning ikkinchi yarmi kuchliroq bo‘lishiga umid qilmoqda. Kompaniya moliya direktori Xarald Vilgelmning ta’kidlashicha, birinchi chorak natijalari yillik prognozni saqlab qolish imkonini bermoqda. Yangi modellarga yuqori talab va buyurtmalar portfelining kattaligi ikkinchi yarim yillikda o‘sishni jadallashtirishi kutilmoqda.
Kompaniya o‘sishni tiklash uchun yangi modellar seriyasiga tayanadi. Bu qatorga ichki yonish dvigateliga ega yangilangan modellar va yangi avlod elektromobillar kiradi. Asosiy yangiliklar orasida GLC modelining elektr versiyasi hamda kuzda taqdim etilishi rejalashtirilgan yangilangan flagman – «S-Class» bor.
Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi uzoqqa cho‘zilishi mumkin bo‘lgan mojaro iste’molchilar ishonchini pasaytirishi mumkinligi qayd etildi. Avtomobillarga bo‘lgan talab yoqilg‘i narxining oshishi, foiz stavkalarining ko‘tarilishi va aktivlar qiymatining tushishiga juda sezgir hisoblanadi. Kompaniya esa neft narxlarining ehtimoliy o‘sishini o‘z prognozlarida allaqachon inobatga olganini bildirdi.
Ayniqsa, investorlar Xitoy bozoriga e’tibor qaratishmoqda. U yerdagi sotuvlar pasayishi kompaniyani mahalliy ishlanmalar va hamkorliklarni kuchaytirishga majbur qilmoqda. Biroq so‘nggi avtoshoularda kompaniya rahbariyati mintaqada iqtisodiy sustlik sabab uzoqqa cho‘zilishi mumkin bo‘lgan pasayishga tayyorlanayotganini ham tan oldi.
Aksiyalar nima bo‘lyapti?
«Mercedes-Benz Group» aksiyalari 29-aprel kungi savdolarda avval 2,5 foizga oshdi, keyin esa o‘sish sur’ati pasayib, taxminan 1,2 foiz atrofida qoldi.
Analitiklar fikri bir xil emas: kompaniyani kuzatayotgan 24 nafar tahlilchidan 12 nafari neytral pozitsiyada, 9 nafari «o‘sish» (bullish) ssenariyni qo‘llab-quvvatlaydi, 3 nafari esa aksiyalarni sotish yoki qisqartirishni tavsiya qilmoqda. Shunga qaramay, umumiy konsensus «bozordan yuqori» (Outperform) darajasida qolmoqda. O‘rtacha maqsadli narx 61,57 yevroni tashkil etadi, bu esa oxirgi yopilish narxiga nisbatan 25 foizdan ortiq o‘sish potensialini anglatadi.
Kompaniyadagi vaziyat
«Mercedes-Benz Group» so‘nggi yillarda sotuvlar pasayishi bilan kurashmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning sof foydasi deyarli ikki baravarga qisqargan – bu holatga savdo bojlari, noqulay valuta kurslari va Xitoydagi kuchli raqobat ta’sir qilgan.
2024-yildan beri natijalar zaif bo‘lib kelayotgani sababli kompaniya xarajatlarni qisqartirish dasturini ishga tushirdi. Biroq bu jarayon Germaniyada qiyin kechmoqda, chunki ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb yarmi shu yerda joylashgan va mehnat shartnomalari 2035-yilgacha ish o‘rinlarini saqlashni kafolatlaydi. Shu sabab kompaniya xodimlar sonini tabiiy ravishda qisqartirishga va ishlab chiqarishni optimallashtirish choralarini ko‘proq xorijiy maydonlarga ko‘chirishga majbur bo‘lmoqda.





