Oyligini ololmayotgan futbolchilar, O‘zbekistondan ketayotgan Wolt va qamalgan sobiq hokim — 25-fevral dayjesti

25.02.2026 | 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Oyligini ololmayotgan futbolchilar, O‘zbekistondan ketayotgan Wolt va qamalgan sobiq hokim — 25-fevral dayjesti

«Olimpik»da moliyaviy inqiroz: Futbolchilar videomurojaat yo‘lladi

2024 yilgi Parij Olimpiadasi uchun tashkil etilgan «Olimpik» futbol klubi a’zolari 2025 yil may oyidan buyon oylik ololmayotganini ma’lum qilib, videomurojaat yo‘lladi. Klub tarkibida o‘tgan mavsumda o‘ynagan va hozirgacha shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan futbolchilar hamda darvozabonlar murabbiyi bir necha oylik ish haqi to‘lanmaganini aytgan. Ularning ta’kidlashicha, umumiy qarzdorlik 5,5–6 oylik maoshni tashkil etmoqda.

Murabbiy Ma’mur Ikromov ham murojaatda ish haqini to‘lab berishni so‘rab, futbolchilar va mutaxassislarning ijtimoiy ahvoliga e’tibor qaratishni so‘ragan. Hozirda mazkur holat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘rganilmoqda, tashkilot futbolchilar va mutaxassislar huquqlari himoya qilinishini ta’minlashini bildirgan hamda tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilingan.

Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

Jizzax viloyatidagi Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi M. X. pora olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, Zomin tuman sudi hukmi bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ma’lum qilinishicha, u 2025 yil iyul oyida tadbirkorga ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun ruxsat olib berish evaziga 30 ming AQSH dollari pora olish bilan bog‘liq jinoyat ishida ishtirok etgan. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim o‘zlashtirish, mansab vakolatidan chiqish, pora olish va yer berish tartibini buzish kabi ayblovlar bilan javobgarlikka tortilgan.

Hukmga muvofiq, u 3 yil muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi, shuningdek jarima tayinlandi. Mazkur ish bo‘yicha hokimlikning bosh mutaxassisi N. I. ham aybdor deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi va 2 yilga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Har ikki sudlanuvchi jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi, sud hukmi ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish mumkin.

O‘zbekiston Afg‘onistonning neft va gaz konida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi

O‘zbekiston Afg‘onistondagi Muhammad-Jondogar, Shamar va Ahmadobod bloklarida joylashgan uchta neft va gaz konida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha doirasida «Uzbek Overseas Geology Company» uglevodorod resurslari, shuningdek temir va mis konlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Kompaniya Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha tegishli litsenziyani olgan.

Qidiruv ishlariga Balx viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mavlaviy Nurul Hodiy Abu Idris va kompaniya bosh direktori Hayitboy Omonov ishtirokida start berilgan. Loyiha Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va neft vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik bitimi asosida amalga oshirilmoqda. «Uzbek Overseas Geology Company» 2025 yil fevralda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ustav fondi 12,97 mlrd so‘mni tashkil etadi, ta’sischilari «O‘zbekgeologiyaqidiruv» va «O‘zbekgeofizika» hisoblanadi.

«Wolt» yetkazib berish xizmati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatmoqda

Finlandiyaning «Wolt» yetkazib berish servisi 2026 yil 5-martdan boshlab O‘zbekistondagi faoliyatini to‘liq to‘xtatishini ma’lum qildi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, shu sanadan boshlab ilova va rasmiy sayt orqali yangi buyurtmalar qabul qilinmaydi, 4-martgacha esa servis odatdagi tartibda ishlashda davom etadi.

Kompaniya qarorni O‘zbekistonda barqaror biznes yuritishdagi qiyinchiliklar bilan izohlagan va foydalanuvchilarga minnatdorlik bildirgan. Faoliyat to‘xtatilganidan keyin ham qo‘llab-quvvatlash xizmati ishlab, qaytarimlar, bonus va oldingi buyurtmalar bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda davom etishi ma’lum qilingan.

Теглар

Мавзуга оид