Putin Rossiyada internetni o‘chirib yoqishni shaxsan o‘z nazoratiga oldi

17.02.2026 | 08:182 daqiqa

Rossiyada internetni o‘chirish tartibi o‘zgarmoqda: yangi tuzatishlarga ko‘ra, cheklov holatlarini shaxsan prezident belgilaydi. Ekspertlar bu mexanizm markazlashuvini kuchaytiradi.

Putin Rossiyada internetni o‘chirib yoqishni shaxsan o‘z nazoratiga oldi

Rossiya Davlat dumasi ko‘rib chiqayotgan «Aloqa to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga kiritilgan tuzatishlar internetni o‘chirish bo‘yicha vakolatlarni prezident Vladimir Putin qo‘lida jamlamoqda. Hujjatga ko‘ra, RF Federal xavfsizlik xizmati (FSB) aloqa operatorlariga aloqani bloklash bo‘yicha majburiy talab yuborishi mumkin bo‘lgan holatlar «prezidentning normativ hujjatlari bilan» belgilanadi.

Ilk versiyada internetni o‘chirish asoslari prezident va hukumat tomonidan belgilanishi, shuningdek, bunday qarorlar «fuqarolar va davlat xavfsizligini himoya qilish» bilan bog‘liq bo‘lishi qayd etilgan edi. Yangi tahrirda esa hukumat va xavfsizlik tahdidlari haqidagi normalar matndan chiqarildi.

Tuzatishlar FSBga operatorlarga oddiy «so‘rov» emas, balki bajarilishi shart bo‘lgan «talab» yuborish huquqini beradi. Bu esa aloqa kompaniyalari uchun qarorni ijro etishni amalda muqobilsiz holatga keltiradi.

 

Markazlashgan nazorat kuchayadi

Mutaxassislarning fikricha, yangi tahrirdagi qonun internet shatdaunlari bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonini soddalashtiradi. «OVD-Info» yuristi Valeriya Vetoshkina cheklov qo‘llash doirasi kengayayotganini va mexanizm yanada markazlashganini ta’kidladi.

«Birinchi bo‘lim» yuristi Yevgeniy Smirnov esa hujjat amalda prezidentga internet bloklash masalasida «qo‘lni yechadi», deb hisoblaydi. Kiberadvokat Sarkis Darbinyanga ko‘ra, «cheklovlarni faqat prezident belgilaydi», uning hujjatlari esa hukumat qarorlariga nisbatan qabul qilish jihatidan soddaroq.

Qonun loyihasi noyabrda hukumat tomonidan kiritilgan. Manbalarga ko‘ra, hujjatning maqsadi — dron hujumlari kabi holatlarda internet o‘chirilishi tufayli operatorlarni javobgarlikdan ozod qilish.

 

Shatdaunlar rekordi

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, «aloqa xizmatlari» tushunchasi ovozli va matnli xabarlar, tasvirlar hamda pochta, radio, simli va boshqa elektromagnit tizimlar orqali ma’lumot uzatishni qamrab oladi. Shu bois, cheklovlar faqat internet emas, boshqa aloqa turlariga ham tatbiq etilishi mumkin.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya mobil internet shatdaunlari soni bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘ldi. Top10VPN hisob-kitoblariga ko‘ra, yil davomida cheklovlar 37 166 soatni tashkil etgan va 146 million aholini qamrab olgan. «Na svyazi» loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha har kuni 63 hududda cheklovlar joriy etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid