Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Suhbat davomida bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston rahbariga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida amalga oshirilayotgan faol hamkorlik munosabatlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, qo‘shma Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suvdan foydalanish sohalarida kooperatsiya aloqalari izchil kengaymoqda.
Uchrashuv chog‘ida iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sayyohlik oqimini yanada ko‘paytirish, gumanitar almashinuv dasturlarini, shu jumladan, kosmos va kreativ iqtisodiyot sohalarida tobora kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.





