Urushni tugatish shartlari va O‘zbekiston iqtisodiga ta’siri – so‘z Eron elchisiga
Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinlik fonida urushni tugatish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu jarayon O‘zbekistonning iqtisodiy manfaatlari va logistika yo‘nalishlari uchun ham katta ahamiyatga ega.
Eronda urush boshlanganiga bir oy to‘ldi. Yaqin Sharq mintaqasining turli nuqtalarida raketalar va dronlar uchirilyapti, portlashlar bo‘lyapti. Ammo urush ta’siri faqat shu mintaqa bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. U dunyo iqtisodiyotini ham shok holatga tushirgan. Neftdan tortib, o‘g‘it va hatto oziq-ovqat ishlab chiqarishgacha bo‘lgan keng tarmoq xavf ostida. Bu, albatta, O‘zbekiston iqtisodiga ham ta’sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, urushning tezroq tugashi jahon iqtisodi uchun foydali bo‘lgan bo‘lardi. Lekin u qanday holatda tugashi mumkin?
So‘nggi paytlarda Oq uydan Tehron bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida xabarlar chiqa boshladi. Trampning o‘zi ularni samarali deya tarifladi. Ammo Eron buni rad etmoqda. Kecha, 30-mart kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi Pokiston orqali AQSHning takliflarini olganini va bunday takliflarni rad etganini bildirdi.
Xo‘sh, Eron qaysi shartlarda urushni tugatishga rozi bo‘ladi? VAQT.UZ jurnalisti bu savolga Eronning Toshkentdagi elchisi Muhammad Ali Iskandariydan javob oldi.
«Agar biz ular aytayotgan talablarni qabul qilganimizda, bugungi siz ko‘rib turgan qarshilik ko‘rsatishni amalga oshirmagan bo‘lardik.
Biz agressor aniqlanishi, unga huquqiy baho berilishini, agressiya tufayli bizga yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini, bizning qonuniy haq-huquqlarimiz tan olinishini, biz ko‘zda tutgan maqsadlarga to‘g‘ri baho berilishi va uni aniqlashtirilishini talab qilamiz. Shular qabul qilingan holatdagina biz ularning shartlarini ko‘rib chiqishimiz mumkin», – dedi elchi.
Urushning O‘zbekistonga ta’siri haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Eron tashqi savdoda O‘zbekistonning TOP 20 hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda ikki davlat orasida 578,9 mln dollarlik savdo qilingan.
Erondan O‘zbekistonga sement, arab hurmosi, apelsin, nok, choy, limon, gilam kabi mahsulotlar import qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlarini oshirib, logistika xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan, O‘zbekiston uchun Xitoy, Janubi-Sharqiy Osiyo va boshqa davlatlardan yuklarni qabul qilish va eksport qilishda asosiy tranzit xabi hisoblanadigan Bandar-Abbos porti ham Eron hududida joylashgan. Muzkur port ham AQSH va Isroil hujumiga uchragan. Elchi Muhammad Ali Iskandariy ham buni tasdiqlari va Eron mashinasining orqaga yurmasligini, faqat oldinga harakat qilishini aytdi.
«Biz o‘zbekistonliklar uchun hech narsani yopganimiz yo‘q. Hatto Bandar Abbos portlagan paytda ham biz u yerda turgan bercha o‘zbek tovarlarini O‘zbekistonga yetkazib berdik. Bir yilda Eron hududi orqali O‘zbekistonning 1 mln 200 ming tonna eksport va import yuklari tashiladi. O‘zbekiston bundan ham ko‘proq yukni tashishni istasa, biz bunga ham tayyormiz», – dedi Iskandariy.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi 140 kishilik delegatsiya o‘tgan yili Eronda bo‘lgandi. O‘shanda tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, transport-logistika sohasidagi ko‘p yillik muammolarni zudlik bilan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, ikki davlat orasida Imtiyozli savdo bitimi ham imzolangan. Elchi Iskandariyning aytishicha, hozirda bitimni ratifikatsiya qilish jarayoni davom etmoqda.
«O‘zbekiston va Eron iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi hisoblanadi. Ya’ni, O‘zbekiston Eronga nimaki eksport qilsa, biz sotib olish imkoniyatiga yoki sotib olish ehtiyojiga egamiz. Shuningdek, bizda ishlab chiqarish juda diversifikatsiya qilingani tufayli O‘zbekiston ehtiyoji uchun bo‘lgan har qanaqa tovarni biz ishlab chiqarishimiz mumkin. Eronda ishlab chiqariladigan tovarlarning naxlari nispatan arzon ekani va sifati yaxshiligi tufayli, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi tashish harajatlarining ham arzonligini hisobga olsak, o‘zaro savdoning juda katta istiqbollari bor»
Teglar






