101 ming dollar pora talab qilgan soliq inspektori ushlandi
Tadbirkorga yer ajratib berish va uning toifasini o‘zgartirish evaziga pora talab qilgan soliq inspektoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori pora talab qilgani uchun qo‘lga olindi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Farg‘ona tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan 10 gektar yer maydonini tadbirkorga ajratib berishni va’da qilgan. Mazkur yer maydonida kelgusida sayyohlik maskani tashkil etish rejalashtirilgani aytilgan.
Inspektor ushbu yer maydonini ajratish uchun 95 ming AQSH dollari talab qilgan. Shuningdek, yer maydoni toifasini o‘zgartirishda yordam berish evaziga qo‘shimcha ravishda yana 6 ming dollar talab qilib, umumiy mablag‘ni 101 ming dollarga yetkazgan.
DXX va IIV xodimlari tomonidan Yangi Namangan tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a bandi hamda 28 va 211-moddalarining tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.





