add

1400 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani ma’lum bo‘ldi

Kecha 17:582 daqiqa

Qoidabuzarliklar uchun 85 ta loyiha tashkilotiga nisbatan taqdimnoma kiritilib, 8 tasining litsenziyasi bekor qilindi, 115 ta noqonuniy bino buzdirilib, 98 ta holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

1400 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda 1400 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qurilgani aniqlandi. Bu haqda Dilmurod Qosimov Qonunchilik palatasi majlisida qurilish sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasi vaqtida ma’lum qildi.

So‘nggi to‘qqiz yil davomida mamlakat bo‘yicha jami 11 834 ta ko‘p qavatli uy-joyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazilgan. Ushbu jarayonda 2017–2024 yillarda qurilgan 8 974 ta uy-joy, 2025 yilda qurilishi rejalashtirilgan 2 559 ta obyekt hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta ko‘p qavatli bino qamrab olingan.

Xatlov natijasida 1 434 ta uy-joy hech qanday davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan barpo etilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, 185 ta bino-inshootda tegishli ruxsatnomalarsiz qo‘shimcha qavat qurilgani aniqlangan. Bu holatlar qurilish jarayonida huquqiy va texnik talablar buzilayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 1-iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilgan. Shunga qaramay, noqonuniy qurilishlar soni yana 213 taga oshgan.

Vizual o‘rganishlar natijasida 1 346 ta ko‘p qavatli uy-joyni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazish zarurligi belgilandi. Hozirgacha 778 ta obyekt to‘liq tekshirilgan, 568 tasida esa ishlar davom etmoqda. Tekshiruvlar jarayonida 142 ta uy-joyni mustahkamlash talab etilishi, bitta bino esa seysmik jihatdan yaroqsiz deb topilgan.

Qoidabuzarliklar uchun 85 ta loyiha tashkilotiga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan, ulardan 8 tasining litsenziyasi bekor qilingan. Shuningdek, 115 ta noqonuniy bino belgilangan tartibda buzdirilgan, 98 ta holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Teglar

Mavzuga oid