
2025 yil III chorakda O‘zbekistonda bo‘sh ish o‘rinlari oshdi
Mehnat bozorida ish o‘rinlari taklifi kengaygani bilan birga, ayrim sohalarda qisqartirish kutilmalari ham kuchaydi.

Markaziy bank 2025 yilning uchinchi choragi bo‘yicha mehnat bozori sharhini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, ushbu davrda bo‘sh ish o‘rinlari taklifi barqaror o‘sishni davom ettirgan, nominal va real ish haqi, shuningdek, pul o‘tkazmalari hajmi ham oshgan.
Ochiq manbalar asosida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, III chorakda biznes sub’ektlari tomonidan e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,3 foizga ko‘paygan. Ish o‘rinlarining katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelib, uning ulushi 17,9 foizni tashkil etgan. Umumiy ovqatlanish sohasi 17,1 foiz, ishlab chiqarish tarmog‘i esa 17,0 foiz bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Shu bilan birga, korxonalar kutilmalarida mehnat bozoriga nisbatan ehtiyotkorlik kuchaygani qayd etilgan. Ya’ni, ish o‘rinlarini oshirishni rejalashtirayotganlar bilan bir qatorda, qisqartirish ehtimolini bildirgan respondentlar ulushi ham ortgan.
Iqtisodiy faollik bo‘yicha so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, kelgusi uch oyda ish o‘rinlari sonini ko‘paytirishini ma’lum qilgan tadbirkorlar ulushi iyul–avgust oylarida o‘rtacha 33,9 foizni tashkil etgan. Sentyabr oyida esa mavsumiy omillar ta’sirida bu ko‘rsatkich 30,8 foizgacha pasaygan.
Ayni paytda, ish o‘rinlarini qisqartirishni rejalashtirayotganlar ulushi II chorakdagi 8,7 foizdan III chorakda 12,7 foizgacha o‘sgan. Bunda asosan qurilish sohasidagi respondentlarning 16,4 foizi, savdo sohasida esa 25,6 foizi ish o‘rinlarini qisqartirish ehtimolini bildirgan.
Ushbu ma’lumotlar mehnat bozorida o‘sish tendensiyasi saqlanayotgani bilan birga, ayrim tarmoqlarda xavf-xatarlar va mavsumiy ta’sirlar kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.





