
2025 yilda dunyodagi eng boy 500 odam umumiy boyligini rekord darajada oshirdi
«Bloomberg» nashri hisobotiga ko‘ra, boylar aktivlarining qimmatlashuvi natijasida 2,2 trln dollarga boyidi

2025 yil dunyodagi eng boy insonlar uchun misli ko‘rilmagan moliyaviy yutuqlar yili bo‘ldi. «Bloomberg» milliardlarni baholovchi indeksiga ko‘ra, dunyodagi 500 nafar eng boy shaxs joriy yilda o‘z umumiy boyligini 2,2 trln dollarga oshirdi. Bu o‘sish jahon bo‘ylab fond bozorlari, kriptovalyuta va qimmatbaho metallar singari barcha turdagi aktivlar qiymatining keskin ko‘tarilishi tufayli ro‘y berdi.
Daromad dinamikasi
Umumiy boylik miqdori 11,9 trln dollarga yetdi. Bu o‘sishda 2024 yil oxirida Donald Trampning AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongani muhim rol o‘ynadi. Aprel oyida tariflar yuzasidan yuzaga kelgan xavotirlar va bozordagi keskin pasayish qisqa muddatga daromadlarga salbiy ta’sir etdi. Biroq yil oxiriga kelib barcha yo‘qotishlar to‘liq qoplandi.
Yilning eng katta yutuq va yo‘qotishlari
Larri Ellison. Boyligi: 249,8 mlrd dollar.
Yillik daromadi: 57,7 mlrd dollar.
«Oracle» kompaniyasi hammuassisi, 81 yoshli Ellison sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarga shaxsan rahbarlik qilmoqda. 10-sentabr kuni «Oracle»ning choraklik hisoboti e’lon qilingach, kompaniyaning SI sohasidagi rejalari jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilindi va Ellison boyligi bir kunda 89 mlrd dollarga oshdi. Bu «Bloomberg» tarixida qayd etilgan eng katta bir kunlik o‘sish bo‘ldi. Shuningdek, u mediasohada ham faol ishtirok etmoqda: «Warner Brosers»ni 108 mlrd dollarga sotib olish bo‘yicha o‘g‘li Devidning hujumkor taklifiga shaxsan kafillik berdi.
Ilon Mask. Boyligi: 622,7 mlrd dollar.
Yillik daromadi: 190,3 mlrd dollar.
2024 yil saylov kampaniyasining eng yirik donori sifatida Mask Vashingtonda faol bo‘ldi. Uning tashabbusi bilan hukumat agentliklarida budjet qisqarishi va ish o‘rinlari kamaytirildi. Bu holat «Tesla» aksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Biroq Maskning boyligi Tramp bilan ochiq tortishuvdan so‘ng tiklandi. «SpaceX» kompaniyasidagi aksiyalar ichki savdosi kompaniyani dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyaga aylantirdi. «Tesla» aksiyadorlari esa unga kelgusida trillionerga aylanish imkonini beruvchi yangi mukofot paketiga ovoz berishdi.
Jina Raynhart. Boyligi: 37,7 mlrd dollar.
Yillik daromadi: 12,6 mlrd dollar.
Avstraliyaning eng boy insoni Raynhart bu yil global darajadagi geosiyosiy talashuvlar fonida kamyob yer metallariga bo‘lgan talabdan foyda ko‘rdi. Uning «Hancock Prospecting» xususiy kompaniyasi Xitoydan tashqaridagi eng yirik kamyob metall portfelini to‘plab, o‘zini elektromobil va chip ishlab chiqarish kabi sohalarda strategik ta’minotchi sifatida namoyon etmoqda.
Donald Tramp va uning oilasi. Sof boyligi: 6,8 mlrd dollar
Yillik daromadi: 282 mln dollar.
Tramp oilasi 2024 yildagi saylovoldi faoliyati paytida kriptovalyuta va blokcheyn loyihalar orqali boylikni 70 foizga oshirdi. Ular Tramp nomi bilan atalgan tokenlarni chiqarib, qisqa muddatda 200 mln dollar daromad qildi. Shuningdek, «World Liberty Financial» kriptoplatformasi asoschilaridan biriga aylandi.
Yilning yirik yo‘qotuvchilari
Manuel Vilyar. Sof boyligi: 10 mlrd dollar.
Yillik yo‘qotishi: 12,6 mlrd dollar
Filippinlik developer Vilyar kompaniyasi aksiyalari 80 foizga pasaygach, bir necha kunda 18 mlrd boyligini yo‘qotdi. Bu kompaniyaning moliyaviy hisobotlarni yashirgani bilan bog‘liq mojarolar fonida sodir bo‘ldi.
Bob Pender va Mayk Seybl. Har birining boyligi: 7 mlrd dollar.
Umumiy yo‘qotishlar: 17,7 mlrd
Maykl Seylor. Sof boyligi: 3,8 mlrd dollar.
Yo‘qotishi: 2,6 mlrd dollar.
Van Sin. Sof boyligi: 7,9 mlrd dollar.
Yo‘qotishi: 3,5 mlrd dollar.





