
2025 yilda jismoniy va yuridik shaxslar kiberjinoyatlardan 1,2 trln so‘mlik zarar ko‘rdi
Endilikda firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarz undan undirmasligi hamda shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tunu kun rejimda yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Avvalroq Prezident huzurida taqdimot bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik. Mazkur yig‘ilishda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga ko‘paygan. 2025 yilda 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va elektron imzolari bo‘yicha amalga oshirilayotgan firibgarliklar soni keskin ortib bormoqda. Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng ko‘p tarqalgan usullardan biri – bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.
Taqdimotda bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tunu kun rejimda yo‘lga qo‘yishning mexanizmlari taklif qilindi.
Prezident Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon davlat organlari tomonidan 7 mingdan ziyod qonunga zid hujjatlar qabul qilingani, shuningdek, nazorat idoralarining faoliyatida 12,5 ming nafar tadbirkorning huquqi buzilgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mazkur jarayonlarni raqamlashtirish zarurligi aytildi. Hozirda tergovchilarning ishini baholash bo‘yicha yagona tizimning yo‘qligi, hisobotlarning «qo‘lda» yuritilayotgani, jinoyat ishlarining hali ham qog‘oz shaklida saqlanayotgani ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hisobot tayyorlash jarayoni bir haftagacha vaqt olmoqda.
Shu bois, jinoyat haqida xabar kelib tushganidan tortib, sud qarori ijrosigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish vazifasi belgilandi. Bu tizim tergov jarayonini tezlashtiradi, inson omilini kamaytiradi va mas’uliyatni oshiradi.
Davlat rahbari muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.





