add

2025-yilda kriptoindustriya: kim yutdi, kim yutqazdi?

Bugun 17:121493 daqiqa

«Bloomberg» tahliliga ko‘ra, 2025-yil kriptobozor uchun qarama-qarshi yil bo‘ldi: ayrim kompaniyalar rekord daromad qildi, boshqalar esa keskin yo‘qotishlarga uchradi.

2025-yilda kriptoindustriya: kim yutdi, kim yutqazdi?

«Bloomberg» 2025 yil yakunlari bo‘yicha kriptoindustriyada g‘oliblar va autsayderlarni nomladi. Yil boshida bozor regulyatorlar pozitsiyasining yumshashi va siyosiy qo‘llab-quvvatlash fonida jadal o‘sgan bo‘lsa, yilning ikkinchi yarmida aksariyat raqamli aktivlar narxi pasaydi, IPO atrofidagi qiziqish esa susaydi.

Yilning eng katta benefitsiarlaridan biri «Circle» kompaniyasi asoschisi va rahbari Jeremi Aller bo‘ldi. Kompaniya dunyodagi ikkinchi yirik steyblkoin hisoblangan USDC asosidagi biznesni ommaviy bozorga muvaffaqiyatli chiqardi. USDC aylanmasi 77 mlrd dollardan oshgan. IPO vaqtida kompaniya qiymati 6,9 mlrd dollar atrofida baholandi. Aksiyalar yozgi maksimumlardan keyin korreksiyaga uchragan bo‘lsa-da, yil yakunida ham joylashtirish narxidan ancha yuqori qoldi. «Circle» 2025 yil uchinchi choragida 214 mln dollar sof foyda qayd etdi, bu yillik hisobda uch barobardan ziyod o‘sishni anglatadi.

Yirik kapital o‘sishi «Tether» raisi Jankarlo Devazini hissasiga ham to‘g‘ri keldi. USDT steyblkoini aylanmasi yil davomida 15 foizdan ortiqqa oshdi. Kompaniya egalariga 10 mlrd dollardan ziyod dividend to‘ladi. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, «Tether» 500 mlrd dollargacha baholanadigan sarmoya jalb qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu holat ro‘yobga chiqsa, Devazini kriptoindustriyadagi eng boy shaxsga aylanishi mumkin.

«Galaxy Digital» asoschisi Mayk Novograts ham o‘z pozitsiyasini mustahkamladi. Kompaniya kriptoaktivlarni balansda saqlovchi korporativ tuzilmalar soni oshganidan foyda ko‘rdi. «Galaxy» bunday rezervlarni boshqarishdan komissiya oladi. Uchinchi chorakda guruhning yalpi tushumi 28 mlrd dollardan oshib, o‘tgan yilga nisbatan ikki barobardan ko‘proq o‘sdi.

Bloomberg muvaffaqiyatli joylashtirishlar qatorida Figure Technology Solutions kompaniyasining IPOsini ham qayd etdi. Shuningdek, ayrim infratuzilmaviy kriptoloyihalar an’anaviy moliya tizimiga moslashib, kapitalizatsiyani oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq barcha uchun yil muvaffaqiyatli kechmadi. Kriptobiznesda yo‘qotishga uchraganlar orasida «Strategy» kompaniyasi rahbari Maykl Seylor bor. U bitkoin zaxiralarini qarz va aksiyalar chiqarish orqali agressiv oshirish strategiyasi bilan tanilgan edi. Ammo shunga o‘xshash kompaniyalar ko‘payishi ortidan «Strategy» aksiyalarining aktivlarga nisbatan ustamasi qisqardi. 2025 yilda kompaniya aksiyalari hatto bitkoin dinamikasidan ham orqada qoldi. «Bloomberg» bahosiga ko‘ra, Seylorning shaxsiy boyligi uchdan bir qismga kamaygan.

Katta yo‘qotishlar «Gemini» kriptobirjasi asoschilari — aka-uka Vinklvosslar hissasiga ham to‘g‘ri keldi. Kompaniya kuzda birjaga chiqdi, ammo IPO biznes hajmining «Coinbase» bilan solishtirganda ancha kichik ekanini va asoschilar qarzlariga bog‘liqligini ochib berdi. Joylashtirishdan keyin «Gemini» aksiyalari qariyb 60 foizga arzonlashdi, bitkoin narxi pasayishi esa birodarlar kapitaliga qo‘shimcha bosim qildi.

Siyosiy aloqalarga ega ayrim kriptoloyihalar ham kutilgan natijani bermadi. Donald Tramp oilasiga bog‘liq aktivlar keskin qiymat yo‘qotdi. Memkoinlar va ayrim ochiq kriptokompaniyalar o‘nlab foizga arzonladi. Rasmiy cheklovlar sabab bu to‘liq hisob-kitoblarda aks etmagan bo‘lsa-da, ushbu dinamika butun segment uchun ogohlantiruvchi signal sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

2025-yilda kriptoindustriya: kim yutdi, kim yutqazdi? | Vaqt.uz