add

2025 yilda kriptoqalloblar rekord darajada — 17 mlrd dollar o‘g‘irladi

Bugun 18:002 daqiqa

2025 yil kriptovalyuta bozori uchun jinoyatlar miqyosi bo‘yicha rekord yilga aylandi. Tahlillarga ko‘ra, kriptoqalloblar bir yil ichida qariyb 17 mlrd dollarlik mablag‘ni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.

2025 yilda kriptoqalloblar rekord darajada — 17 mlrd dollar o‘g‘irladi

«Chainalysis» tahlil kompaniyasi hisobotida 2025 yilda kriptovalyuta sohasidagi firibgarliklar hajmi tarixdagi eng yuqori darajaga yetgani qayd etildi. Ekspertlar bu holatni jinoiy sxemalarning tez sur’atlarda murakkablashib, sanoat darajasiga chiqqani bilan izohlaydi. Mazkur summa ilgarigi yillar bilan solishtirganda keskin o‘sishni anglatadi.

Eng katta zarar shaxsni soxtalashtirishga asoslangan firibgarliklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bunday sxemalarga yo‘naltirilgan mablag‘lar bir yil ichida 14 barobardan ortiq o‘sgan. Agar ilgari bir operatsiya bo‘yicha o‘rtacha to‘lov 782 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2764 dollarga yetgan. Bu esa jinoyatchilarning ish uslubi tobora professionallashib borayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, zamonaviy kriptoqalloblar fishing xizmatlarini sotib olish, dipfeyk texnologiyalari, sun’iy intellekt asosidagi vositalar hamda murakkab pul yuvish kanallaridan foydalanmoqda. Bu esa hatto tajribasiz jinoiy guruhlarga ham yirik hujumlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.

Ayniqsa, sun’iy intellektga tayangan sxemalar yuqori daromadli bo‘lib chiqmoqda. Tahlillarga ko‘ra, SI bilan bog‘liq firibgarliklar bir operatsiyada o‘rtacha 3,2 mln dollar daromad keltirgan. Bu an’anaviy sxemalardan qariyb 4,5 barobar ko‘p. Bunday operatsiyalar qisqa vaqt ichida ko‘plab tranzaksiyalarni amalga oshirishi bilan ham ajralib turadi.

Shu bilan birga, tahlilchilar Janubi-Sharqiy Osiyoda, xususan Kambodja va Myanma hududlarida faoliyat yuritayotgan transchegaraviy jinoiy tarmoqlarga e’tibor qaratgan. Ayrim holatlarda odam savdosi qurbonlari majburiy ravishda kriptoqalloblik operatsiyalariga jalb qilinayotgani qayd etilgan.

Shunga qaramasdan, 2025 yilda qarshi choralar ham kuchaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar kamida 14 mlrd dollar mablag‘ni musodara qilgan. Ekspertlar 2026 yilda ham firibgarlik sxemalari sun’iy intellekt va ijtimoiy muhandislikka tayanilgan holda yanada rivojlanishidan ogohlantirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid