add

2025 yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi ilovalarni yuklab olgan?

05.01.2026 | 17:282 daqiqa

Eng yuklab olingan ilovalar ro‘yxati sun’iy intellekt, fintex va davlat xizmatlari ilovalariga talab oshganini ko‘rsatdi.

2025 yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi ilovalarni yuklab olgan?

2025 yilda O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olingan ilovalar ro‘yxati sun’iy intellekt, moliyaviy xizmatlar va elektron davlat platformalariga qiziqish keskin oshganini ko‘rsatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida iOS va Android platformalarida eng ko‘p yuklab olingan ilova ChatGPT bo‘ldi.

ChatGPT’ning birinchi o‘rinni egallashi sun’iy intellekt texnologiyalari O‘zbekistonda faqat IT mutaxassislari emas, balki keng jamoatchilik uchun ham kundalik ish quroliga aylanib borayotganini anglatadi. Ilova ta’lim, matn tayyorlash, tarjima, axborot izlash va maishiy vazifalarda faol qo‘llanilmoqda.

Umumiy reytingda keyingi o‘rinlarda Instagram, Imo, Uzum Market, MyGov UZ va Soliq ilovalari qayd etilgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlar bilan bir qatorda elektron savdo va davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Uzum Market elektron tijorat segmentida yetakchi ilovalardan biri sifatida ajralib turibdi.

Alohida e’tiborga moliya texnologiyalari sohasi qaratilmoqda. O‘zbekiston ilovalari kesimida Uzum Bank, xazna, PAYNET, CLICK Evolution va Payme yuqori o‘rinlarni egalladi. Bu holat smartfon mamlakatda asosiy moliyaviy interfeysga aylanganini, to‘lovlar, o‘tkazmalar va bank xizmatlari ko‘pincha mobil ilovalar orqali amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Davlat xizmatlari ham raqamli muhitga faol ko‘chmoqda. MyGov UZ va Soliq ilovalarining reytingda barqaror yuqori o‘rinlarda bo‘lishi aholi soliq, hujjat va ma’muriy xizmatlarni elektron shaklda hal etishni afzal ko‘rayotganidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston aholisi Play Market va App Store orqali qaysi moliyaviy ilovalarni ko‘proq yuklab olayotgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid