
2025 yilda YTHlarda 2188 nafar inson halok bo‘lgan
Bu ko‘rsatkich 2024 yilda qayd etilgan 2 199 nafarga nisbatan biroz kamaygan.

O‘zbekistonda 2025 yilda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2 188 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 2024 yilda qayd etilgan 2 199 nafarga nisbatan biroz kamaygan. Shu bilan birga, YTHlar natijasida 8 901 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan bo‘lib, bu ham o‘tgan yilga nisbatan sezilarli farq qilmaydi.
Mutaxassislar qayd etishicha, yo‘l-transport hodisalari nafaqat inson hayoti va sog‘lig‘i, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham jiddiy xavf hisoblanadi. jarohat olganlarni davolash xarajatlari, halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan shaxslar tufayli mehnat bozorida yo‘qotishlar yuzaga keladi. Ayrim mamlakatlar tajribasida bu omillar yalpi ichki mahsulotning 3–5 foizgacha kamayishiga sabab bo‘lgani qayd etilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida har yili o‘rtacha 1,1 million kishi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ladi, 30 millionga yaqin inson esa jarohat oladi. Avariyalar 29 yoshgacha bo‘lganlar o‘limiga olib keluvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda so‘nggi besh yil — 2021–2025 yillar davomida YTHlar sonining kamayish tendensiyasi saqlanib qolgan. Bu aholi soni 35,2 million nafardan 38,2 million nafarga, transport vositalari esa 3,8 milliontadan 5,5 milliontaga oshgan sharoitda kuzatilmoqda.
Shu davrda har 100 ming aholiga nisbatan YTHlarda halok bo‘lganlar soni 6,9 tadan 5,7 taga, har 10 ming transport vositasiga nisbatan esa 6,3 tadan 4,0 taga tushgan. Ayniqsa, ta’lim muassasalari va mahallalar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilishi natijasida bolalar ishtirokidagi avariyalar sezilarli darajada kamaygan.
2024 yil yakunlariga ko‘ra, MDH davlatlari orasida O‘zbekiston YTHlar soni bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega davlat sifatida qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi IIV tizimi tomonidan yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.





