add

2025 yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston eksportida qanday o‘zgarishlar kuzatildi?

2025 yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari — oltin 49,4 foiz, mis 21,4 foizga qimmatlagan, paxta 5 foizga arzonlagan.

2025 yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston eksportida qanday o‘zgarishlar kuzatildi?

Markaziy bankning «Pul-kredit siyosatining 2026 yil va 2027–2028 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari» hisobotida joriy yilda mamlakat eksporti dinamikasi, xomashyo bozorlaridagi vaziyat va xizmatlar eksportidagi o‘zgarishlar batafsil tahlil qilindi.

Oltin, mis va uran qimmatlashdi, paxta arzonladi

2025 yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari — oltin 49,4 foiz, mis 21,4 foizga qimmatlagan, paxta 5 foizga arzonlagan.

Oltin narxining oshishi global noaniqliklar fonida investorlarning xavfsiz aktivlarga talabining kuchayishi va markaziy banklar tomonidan oltin sotib olish hajmining o‘sishi bilan bog‘liq.

Mis bozorida esa savdo cheklovlari, tariflar va geoiqtisodiy omillar tufayli yuqori tebranishlar kuzatilgan. Ammo so‘nggi oylarda ko‘plab mamlakatlar yashil energetika va elektr ta’minotini kengaytirish rejalarini e’lon qilishi ortidan mis narxi oshgan.

Yuqori hosil va jahon bozoridagi talabning sekinlashishi sababli paxta narxlari mo‘’tadil qoldi. Uran narxlari esa talabning oshishi fonida o‘suvchi trendga qaytgan.

Xizmatlar eksporti shiddatli o‘smoqda

Eksport tarkibida xizmatlar ulushining ortgani e’tiborga molik. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018–2024 yillarda tovarlar eksporti o‘rtacha 10 foizga, xizmatlar eksporti esa o‘rtacha 21 foizga o‘sgan.

Xizmatlar narxining xalqaro bozorlarga nisbatan past bo‘lishi — bu sohaning raqobatdoshligini oshirgan omillardan biri sifatida qayd etilgan.

2022 yil o‘rtalaridan boshlab xizmatlar eksporti (oltinsiz) umumiy eksport o‘sishiga tovar eksportiga nisbatan kattaroq hissa qo‘shmoqda. Bu o‘sish asosan transport xizmatlari, turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (IT) yo‘nalishlarida kuzatilmoqda.

2018–2024 yillarda turizm xizmatlari eksporti 3,4 barobarga, IT-xizmatlar eksporti 4 barobarga, transport xizmatlari eksporti 1,7 barobarga oshgan.

Xavotirlar nimada?

Markaziy bank hisobotida qayd etilishicha, so‘nggi yillarda eksport tarkibida xomashyo mahsulotlari ulushi oshmoqda. Bu holat tashqi savdo tushumlarining jahon bozorlaridagi narxlar tebranishlariga bog‘liqligini kuchaytirmoqda.

2021 yildan 2025 yilning birinchi yarmigacha bo‘lgan davrda tovar eksporti tarkibida xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarning o‘rtacha ulushi qariyb uchdan ikki qismni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

2025 yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston eksportida qanday o‘zgarishlar kuzatildi? | Vaqt.uz