
2026 yilgi Jahon chempionati chiptalariga talab 500 milliondan oshdi
Chiptalar savdosida eng yuqori talab 27-iyun kuni Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan Kolumbiya — Portugaliya uchrashuviga bo‘lgan.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun chiptalarga bo‘lgan talab 500 milliondan oshdi. Bu ko‘rsatkich turnirga bo‘lgan global qiziqish misli ko‘rilmagan darajaga yetganini anglatadi.
FIFA qayd etishicha, chiptalarga eng ko‘p so‘rov mezbon davlatlardan tashqari Germaniya, Angliya, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya, Argentina va Kolumbiya terma jamoalari muxlislari tomonidan yuborilgan. Bu esa chempionat nafaqat Shimoliy Amerika, balki Yevropa va Janubiy Amerika bozorlarida ham yuqori talabga ega ekanini ko‘rsatadi.
Chiptalar savdosining uchinchi bosqichida, ya’ni 11-dekabrdan 13-yanvargacha bo‘lgan davrda, eng katta qiziqish 27-iyun kuni Mayami shahrida o‘tkaziladigan Kolumbiya – Portugaliya uchrashuviga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 18-iyundagi Meksika – Janubiy Koreya bahsi, 19-iyul kuni Nyu-Jersida bo‘ladigan final o‘yini hamda Meksika – Janubiy Afrika o‘rtasidagi ochilish uchrashuvi chiptalari ham tez sotib olingan.
FIFA prezidenti Janni Infantino turnir miqyosi va talab darajasi juda yuqori ekanini ta’kidlab, barcha muxlislar stadionlarga sig‘masligini bildirdi. Uning aytishicha, chempionat davomida stadionlardan tashqari hududlarda ham muxlislar uchun katta ekranlar o‘rnatiladi.
Ma’lumot o‘rnida, ayrim toifadagi chiptalar narxi 8 680 dollargacha yetgan. Bu holat jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘lgach, FIFA 48 ta federatsiya uchun 60 dollarlik maxsus chiptalar ajratilishini e’lon qilgan edi. Ushbu chiptalar o‘z terma jamoasi o‘yinlariga doimiy qatnashib kelayotgan eng sodiq muxlislarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Portugaliya, Kolumbiya hamda qit’alararo pley-off g‘olibi (Kongo – Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan «K» guruhidan joy oldi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa ilk turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Bu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi «Asteka» stadioni mezbonlik qiladi.
«Oq bo‘rilar» ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya bilan o‘ynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi «NRG» stadionida o‘tadi.
O‘zbekistonning guruh bosqichidagi oxirgi o‘yini esa Atlantadagi «Mersedes Bens» stadionda o‘tkaziladi.


