
2040 yilgacha ipoteka krediti portfeli 56,7 mlrd dollarga yetkaziladi
Prezident farmoni bilan uy-joy qurilishi hajmini ikki baravar oshirish, ipoteka bozorini kengaytirish va kompleks qurilish tamoyilini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Mamlakatda uy-joy siyosati samaradorligini oshirish va aholining ortib borayotgan talabini qondirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2040 yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishga oid keng qamrovli farmonni imzoladi.
Hujjatda kelgusi 15 yilda uy-joy qurilishi hajmini keskin oshirish, ipoteka krediti portfelini sezilarli darajada kengaytirish va soha mexanizmlarini tubdan takomillashtirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, har yili quriladigan uy-joylar miqdori ikki baravarga ko‘paytirilib, 2040 yilda 421 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Ipoteka krediti portfeli esa hozirgi darajadan 10 barobardan ziyod o‘sib, 56,7 milliard dollarga yetkazilishi maqsad qilingan. Bu mamlakatda uy-joyga ega bo‘lish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda.
Sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida aglomeratsiyalarda uy-joy fondini ko‘paytirish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurishni davom ettirish, zamonaviy uy-joylar ulushini 50 foizga yetkazish, bank moliyasi va investor mablag‘larini bozorga jalb etish belgilandi.
Shuningdek, ulushli qurilishda ishtirok etuvchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan normativ baza kuchaytiriladi.
Farmonda «Uy-joyning yagona hayotiy sikli» tamoyili asosida qurilishni kompleks tashkil etish alohida belgilab qo‘yildi. Yangi tartibga ko‘ra, qurilish faqat batafsil rejalar asosida amalga oshiriladi, ajratilgan yerlarning yo‘nalishi o‘zgartirilmaydi va barcha ob’ektlar, mulkdorlar hamda huquqiy ma’lumotlar ochiq tarzda taqdim etiladi.
Kompleks qurilish doirasida infratuzilma — muhandislik tarmoqlari, transport va ijtimoiy ob’ektlar uy-joylardan oldin quriladi. Loyiha amalga oshirilganda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlari to‘liq hisobga olinadi va mulkdorlarning yerga bo‘lgan huquqlari kafolatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xuddi shu farmon bilan «Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qo‘mitasi» tashkil etilishi, Kadastr agentligi Milliy qo‘mita tizimiga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Yangi tuzilgan qo‘mitaga sobiq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev rahbar etib tayinlandi.





