add

24 ming pokistonlik tilanchi Saudiyadan chiqarib yuborildi

Bugun 09:453892 daqiqa

Dubay ma’muriyati ham shunga o‘xshash sabablar bilan qariyb 6 ming nafar Pokiston fuqarosini ortga qaytargan. Ozarboyjonda esa taxminan 2,5 ming nafar pokistonlik tilanchi deportatsiya qilingani rasman tasdiqlangan

24 ming pokistonlik tilanchi Saudiyadan chiqarib yuborildi

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Pokiston fuqarolariga nisbatan migratsiya nazoratini keskin kuchaytirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2025 yilning o‘zida Saudiya Arabistoni tilanchilikda gumon qilingan taxminan 24 ming nafar Pokiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborgan. Vakolatli idoralar bu choralarni uyushgan tilanchilik va jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida izohlamoqda.

Pokiston Federal tergov agentligi (FIA) bosh direktori ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda chet ellarda pokistonliklarga bog‘liq uyushgan tilanchilik va jinoyat tarmoqlari sezilarli darajada ko‘paygan. Uning ta’kidlashicha, bu holat mamlakatning xalqaro imijiga jiddiy zarar yetkazmoqda va muammo alohida davlatlar bilan cheklanib qolmayapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dubay ma’muriyati ham shunga o‘xshash sabablar bilan qariyb 6 ming nafar Pokiston fuqarosini ortga qaytargan. Ozarboyjonda esa taxminan 2,5 ming nafar pokistonlik tilanchi deportatsiya qilingani rasman tasdiqlangan. Mutasaddilar bunday holatlar Afrika va Yevropa davlatlarida ham kuzatilayotganini qayd etmoqda.

Shuningdek, Kambodja va Tailand kabi davlatlarga berilgan turistik vizalarning suiiste’mol qilinishi ham xavotir uyg‘otgan. Rasmiylarga ko‘ra, ayrim guruhlar turli viza turlaridan foydalanib, tilanchilik va boshqa noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

Muammo 2024 yilda Saudiya Arabistoni tomonidan berilgan qat’iy ogohlantirishlar ortidan yanada ochiq ko‘rinish olgan. Ar-Riyod ma’muriyati Umra vizalari orqali kelgan ayrim Pokiston fuqarolarining tilanchilikka aralashganini bildirib, Islomoboddan qat’iy choralar ko‘rishni talab qilgan.

Pokiston hukumati esa ushbu holatlarni bartaraf etish uchun ichki tekshiruvlar va nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga va’da bermoqda. Mutaxassislar fikricha, aks holda migratsiya cheklovlari yanada qat’iylashishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid