50 ming daraxt uchun metsenat unvoni

Kecha 23:242 daqiqa

O‘zbekistonda 50 ming daraxt ekkanlarga «metsenat» unvoni beriladi. Yangi farmon ekologik rag‘batni kuchaytirmoqda.

50 ming daraxt uchun metsenat unvoni © Foto: gov.uz

O‘zbekiston Prezidenti «Yashil makon» loyihasi samaradorligini oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi.

Hujjatda ekologik nazoratni kuchaytirish va fuqarolar ishtirokini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda kamida 100 gektarli yangi botanika va dendrologiya bog‘lari barpo etiladi.

Dendrologiya bog‘lari maqomi botanika bog‘lariga tenglashtirilib, ular muhofaza etiladigan tabiiy hudud sifatida himoya qilinadi. Ularni xususiylashtirish yoki maydonini qisqartirish taqiqlanadi.

Ekologik maqsadlar

Farmonga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakatda ko‘kalamzorlashtirish darajasi 14,2 foizdan 30 foizgacha oshiriladi.

Aholi jon boshiga yashil hududlar maydoni 9–10 kvadrat metrgacha kengaytirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, havodagi PM2.5 va PM10 zararli zarrachalarini 20–25 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Iqlimi og‘ir hududlarda esa havo haroratini 1,5–2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.

Yangi tizimlar

Farmonga muvofiq, 2027-yilning 1-yanvaridan har bir hududda ko‘chatlarning holatini doimiy kuzatib borish va bu sohaga grantlar jalb qilish uchun mas’ul bo‘lgan «yashillik elchisi»lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, «yashil chipta» tizimi yo‘lga qo‘yilib, aviatsiya va jamoat transportida uglerod izini hisoblash imkoni yaratiladi. Endi yo‘lovchilar va xaridorlar bunday chiptalarni xarid qilish orqali tabiatga ko‘rsatilgan salbiy ta’sirni ixtiyoriy ravishda qoplashlari mumkin. Bundan tushgan mablag‘lar daraxt ekish hamda ularni parvarishlash ishlariga yo‘naltiriladi.

Rag‘batlantirish mexanizmi

Farmonda loyiha ishtirokchilarini rag‘batlantirishning o‘ziga xos tizimi ham ko‘zda tutilgan.

Jumladan, kamida 100 ta daraxt ko‘chatlari ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 10 million so‘m had’ya qilgan shaxsga ekofaol fuqaro maqomi beriladi.

Qolaversa, kamida mingta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 100 million so‘m had’ya qilgan tadbirkorlik subyektlariga «Eko-hamkor» maqomi beriladi.

Ellik mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini ta’minlagan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 5 milliard so‘m had’ya qilgan shaxslarga «Metsenat» unvoni beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta «yashil bog‘» va «yashil jamoat parki»ni o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarni «Kelajak bunyodkori» davlat mukofoti bilan taqdirlash ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid