Afg‘oniston Rossiyadan neft va gaz sotib olmoqchi

16.02.2026 | 13:252 daqiqa

Kobul Moskva bilan energetika va infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda, asosiy e’tibor neft va gaz importiga qaratilgan.

Afg‘oniston Rossiyadan neft va gaz sotib olmoqchi

Afg‘oniston Rossiya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda Afg‘onistonning Moskvadagi elchisi Gul Hasan Rossiyaning «TASS» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kobul Rossiyadan neft va gaz sotib olishdan manfaatdor. Elchi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar hozirda rivojlanayotganini ta’kidladi. Agar ayniqsa bank cheklovlari kabi to‘siqlar bartaraf etilsa, Afg‘oniston Rossiyadan dori-darmon, sanoat mahsulotlari, don, o‘simlik yog‘i va boshqa tovarlarni ham import qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Gul Hasan Afg‘oniston Rossiya bozoriga yangi va quritilgan mevalar, sabzavotlar, shifobaxsh o‘simliklar, gilamlar hamda mineral resurslarni eksport qilishga tayyorligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish ikki tomonlama savdo hajmini sezilarli oshirishi mumkin.

Elchi Moskvada afg‘on mahsulotlari ko‘rgazmasini ochish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi. Bu tashabbus savdo aylanmasini yanada ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Kobul foydali qazilmalarni qazib olish sohasida ham Moskva bilan hamkorlik qilishga tayyor. Rossiya kompaniyalari Afg‘onistonning sanoat, tog‘-kon va infratuzilma tarmoqlariga uzoq yillardan buyon qiziqish bildirib kelayotgani aytildi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya shirkatlari kichik gidroelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha afg‘on idoralari bilan muzokaralar olib bormoqda. Ayrim kompaniya vakillari Afg‘onistonga tashrif buyurib, rasmiylar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Gul Hasanning ta’kidlashicha, yaqin vaqt ichida energetika va elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida amaliy qadamlar tashlanishi kutilmoqda. Bu esa Afg‘oniston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda yangi bosqichni boshlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya AQSHning neft blokadasi tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan Kubaga neft yetkazib berishini aytgan edi.

Ma’lumot uchun: Ukrainaning pilotsiz parvoz qurilmalari hujumlari natijasida Rosiiyaning neft va gaz sohasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotishlar 100 mlrd rubldan oshgan. Yo‘qolgan daromadlar va bilvosita zararlar hisobga olinganda esa umumiy summa qariyb 1 trln rublni, ya’ni 11,1 mlrd dollardan ortiqni tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Afg‘oniston Rossiyadan neft va gaz sotib olmoqchi | Vaqt.uz