
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: tartib, muddat va maqsadlar
O‘zbekistonda 2026 yil 15-yanvardan 28-fevralgacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Mazkur jarayon mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va to‘liq statistik ma’lumotlarni shakllantirishga qaratilgan.

Ro‘yxatga olish jarayonida aholining yoshi, jinsi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, ish bilan bandligi, kasbi, daromad manbalari hamda migratsiya holati bo‘yicha umumiy ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha real ko‘rsatkichlar aniqlanadi. Fuqarolardan daromad miqdori, mol-mulk, uy-joy yoki transport vositalari soni haqida ma’lumotlar so‘ralmaydi.
Ro‘yxatga olish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, 2026-yil 15–31-yanvar kunlari maxsus rasmiy platforma orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchi bosqichda, 4–28-fevral kunlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar tomonidan uyma-uy yurib, planshetlar orqali ro‘yxatga olish ishlari olib boriladi.
So‘rovnoma jami 71 ta savoldan iborat bo‘lib, shundan 54 tasi aholi, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid masalalarni qamrab oladi. Ro‘yxatga olish davomida yig‘ilgan barcha shaxsga doir ma’lumotlar qonun bilan himoyalanadi, uchinchi shaxslarga yoki boshqa idoralarga taqdim etilmaydi hamda faqat umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlar shaklida foydalaniladi.
Ro‘yxatga olish natijalari asosida davlat tomonidan ish o‘rinlarini yaratish, maktab, bog‘cha va shifoxonalar qurish, ijtimoiy xizmatlar hamda qishloq xo‘jaligi resurslarini samarali rejalashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida onlayn ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etiladi. Ushbu usul orqali savollarga xotirjam va aniq javob berish, shuningdek, vaqtni tejash imkoniyati mavjud.





