
Alisher Qodirov: «Hashamatni xohlayapsizmi, uning solig‘ini ham hashamatli qilib to‘lang»
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari ortiqcha isrofni cheklash uchun to‘ylarga hashamat solig‘i joriy etilishi kerakligini aytdi.

O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarni cheklash maqsadida hashamat solig‘ini joriy etish taklif etildi. Bu tashabbus «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov tomonidan 16-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirildi. Uning ta’kidlashicha, to‘y marosimlaridagi ortiqcha isrof jamiyat uchun og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Qodirovning aytishicha, partiya dabdabali to‘ylarga nisbatan prinsipial pozitsiyaga ega va bu qarashdan voz kechmagan. U xalqni «ko‘rpaga qarab oyoq uzatish» tamoyiliga amal qilishga chaqirib, to‘ylarni kimgadir o‘zini ko‘rsatish vositasiga aylantirmaslik lozimligini ta’kidladi. Daromadlarni faqat to‘y marosimlariga sarflash milliy iqtisodiy ongga salbiy ta’sir qilayotgani qayd etildi.
«To‘ydan maqsad ikki yoshning nikohini jamoatchilikka e’lon qilishmi, e’lon qilaylik. Buni to‘rtta odam bilan o‘tkazasizmi, boyligingiz oshib-toshib ketgan bo‘lsa, hammani chaqirib, elga osh berasizmi, marhamat. Lekin cheklov tomoni soliqlar bilan bo‘lishi lozim. Bizning taklifimiz boshidan shunaqa bo‘lgan: luxury tax, ya’ni hashamat solig‘ini joriy etish. Hashamatni xohlayapsizmi, uning solig‘ini ham hashamatli qilib to‘lang. Masalan, 10 ming odamni chaqirib to‘y qilmoqchimisiz? To‘yda odam boshiga qarab soliq hisoblansin. 10 ming odamning solig‘ini to‘lab qo‘ying-da, keyin shuncha mehmon bilan to‘y qilavering», — deydi u.
Qodirov, shuningdek, aholini moliyaviy resurslarni to‘g‘ri taqsimlashga chaqirdi.
«Avvalo, xalqimizning o‘zi tushunib yetishi kerak. Kimgadir havas qilib yoki ergashib, ming kishini yig‘ib, sarf qilguncha, o‘sha pulni farzandingizni o‘qishiga ishlating yoki mashina olib bering, uy-joy bilan ta’minlang, degan narsani odamlarga singdirishimiz kerak. Bizning bu qarashimiz qandaydir protokollar yoki hujjatlar bilan bo‘lmaydi. Bu manfaatlarni to‘g‘ri taqsimlash va to‘g‘ri boshqarish orqali erishilishi kerak bo‘lgan narsa», — deya qo‘shimcha qildi Alisher Qodirov.





