
Alisher Qodirov: «Hukumat tabiatga buyruq bera olmaydi»
«Milliy tiklanish» yetakchisining havo sifati haqidagi bayonoti jamoatchilikda bahs uyg‘otdi. Ekspertlar davlatning xavfli jarayonlarni kamaytirishdagi mas’uliyatini eslatdi.

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov havo sifatining yomonlashuvi borasida hukumatni ayblayotganlarni tanqid qilib, ularni «qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlar» deb atadi. U o‘zining Telegram kanalida mas’ullarni odamlarni chalg‘ituvchi taxminlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Qodirov O‘zgidrometning havo ifloslanishi tabiiy-iqlimiy omillar bilan bog‘liqligi haqidagi bayonoti kech e’lon qilinganini qayd etdi va «dunyodagi biron hukumat tabiatga buyruq bera olmasligi»ni ta’kidladi.
Deputat o‘zbek xalqining an’anaviy qadriyatlarini eslab, jamiyatda tartib va ahillikka tayanish lozimligini bildirdi. «Qudrat tafakkur, tartib va ahilligimizda. Unutmang, bizning bezovtaligimiz kimlarningdir xotirjam bo‘lishi uchun juda kerak bo‘lib turibdi…» — deb yozdi u.
Iqtisodchi-jurnalist Bahodir Abdullayev esa partiya rahbarining fikrlariga munosabat bildirib, tabiatga buyruq berish mumkin emasligini tan olgan holda, davlatning bu kabi noxush jarayonlarga ta’sir o‘tkazish imkoniyati borligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyat «dorisi o‘ylab topilgan kasallik»ka o‘xshaydi va tanqidlar muayyan harakat uchun emas, balki harakatsizlik yuzasidan yangramoqda.
Abdullayev davlatning vazifasi bozor mexanizmlari imkoni cheklangan holatlarda aralashib, resurslar samarali taqsimlanishini ta’minlash ekanini esga soldi. Uning fikriga ko‘ra, davlat havoni kim va qancha ifloslantirayotganini hisoblashi, ortiqcha tibbiy xarajatlar va qisqargan umr ko‘rinishdagi zarar miqdorini aniqlashi, shundan so‘ng tegishli soliq va texnologik standartlar belgilashi kerak. Shu bilan birga, emissiya limitlari bozorini yaratish ham atrof muhitni muhofaza qilishda samarali instrumentlardan biri sanaladi.





