add

Alisher Qodirov o‘zbekistonliklarni Rossiyani tark etishga chaqirdi

03.01.2026 | 11:292 daqiqa

Deputat Alisher Qodirov Xabarovskda «OMON» xodimlari tomonidan o‘ldirilgan o‘zbekistonlik migrant voqeasiga munosabat bildirdi.

Alisher Qodirov o‘zbekistonliklarni Rossiyani tark etishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik migrantlarga murojaat qildi.

U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Rossiyada antimigrant reydlar ortidan O‘zbekiston fuqarosining halok bo‘lgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, vaziyat tobora og‘irlashib borayotganini ta’kidladi.

Qodirovning yozishicha, Rossiyadagi muhit oy sayin yomonlashmoqda va bu holat, avvalo, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat migrantlariga nisbatan munosabatda yaqqol sezilmoqda. Uning fikricha, Rossiya maxsus xizmatlari mintaqadan kelgan fuqarolarni kelgusida ehtimoliy notinchliklarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan guruh sifatida baholamoqda.

Shu sababli ular iqtisodiy manfaat nuqtai nazaridan ham avvalgidek zarur kuch sifatida ko‘rilmayapti.

«Aqlingizni ishlating, Rossiyadan tezroq keting! Hech qanday daromad ota-onalar va farzandlaringizning ko‘z yoshiga arzimaydi!» — deydi deputat.

Alisher Qodirov Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga bunday mazmundagi murojaatni ilk bor qilib qo‘yayotgani yo‘q. U avval ham Rossiyaning Ukrainaga nisbatan urush siyosatiga tanqidiy munosabat bildirib kelgan, shuningdek, migrantlarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatlarni keskin qoralagan siyosiy faollar qatoriga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 12-dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida OMON xodimlari tomonidan O‘zbekiston fuqarolari kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki nafar fuqaro komaga tushgan, keyinchalik ulardan biri vafot etgan. Ushbu voqea Rossiyadagi migrantlar xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Teglar

Mavzuga oid