Andijonda suyultirilgan gaz ta’minotida 550 mln so‘mlik talon-toroj aniqlandi

Bugun 13:251 daqiqa

Suyultirilgan gaz ta’minotida shaffoflikni ta’minlash maqsadida, gaz ballon yetkazib berilganda qabul qilib olgan xonadon egasini yuzini identifikatsiya qilish orqali tasdiqlash – Face ID tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Andijonda suyultirilgan gaz ta’minotida 550 mln so‘mlik talon-toroj aniqlandi © «Hududgaz Jizzah»

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Andijonshahargaz» gaz ta’minoti suyultirilgan gaz bo‘limi mas’ul xodimlari qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani fosh etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 4 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilgani haqida elektron dasturga soxta ma’lumotlar kiritgan.

Oqibatda, amalda yetkazib berilmagan 550 mln so‘mlik suyultirilgan gaz talon-toroj qilingani aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu holatni davlat mulkini o‘zlashtirish sxemasi sifatida baholamoqda.

Jinoyat ishi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi — hujjat va blankalarni qalbakilashtirish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov davomida ushbu sxemaga aloqador boshqa shaxslar va yetkazilgan zararning aniq miqdori ham o‘rganilishi kutilmoqda.

Gaz ta’minoti statistikasi

«Hududgaztaʼminot» AJ ma’lum qilishicha, 2026-yil yanvar oyida 4,5 milliondan ortiq iste’molchi tabiiy gaz, 3,7 milliondan ziyod aholi esa suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.

2025-yil mobaynida gaz ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida 28,9 ming dona qo‘shimcha maishiy gaz balloni aholiga tarqatilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Andijonda suyultirilgan gaz ta’minotida 550 mln so‘mlik talon-toroj aniqlandi | Vaqt.uz