Logo

Apple mahsulotlarining narxi oshishi mumkin

Bugun 13:552 daqiqa

Apple bosh direktori Tim Kuk xotira chiplari keskin qimmatlashgani sabab kompaniya mahsulotlar narxini ko‘tarishga majbur bo‘layotganini aytdi.

Apple mahsulotlarining narxi oshishi mumkin © techradar.com

Apple kompaniyasi xotira va ma’lumot saqlash mikrosxemalari narxining keskin oshishi fonida o‘z mahsulotlari narxini ko‘tarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Tim Kuk The Wall Street Journal nashriga bergan eksklyuziv intervyusida ma’lum qildi.

Kukning aytishicha, xotira (DRAM) va ma’lumot saqlash (NAND) chiplari narxining keskin ko‘tarilishi ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada oshirgan.

«Afsuski, narxlarni oshirishning oldini olib bo‘lmaydi. Biz xarajatlarning oshishini imkon qadar yumshatishga va mijozlarimizni bundan himoya qilishga harakat qildik, ammo vaziyat endi barqaror emas», – dedi Kuk.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Apple oshgan xarajatlarni to‘liq iste’molchilar zimmasiga yuklasa, navbatdagi iPhone Pro modeli narxi taxminan 270 dollarga qimmatlashishi mumkin.

Apple hozircha qaysi mahsulotlar qancha qimmatlashi va bu qachon amalga oshirilishini ochiqlamagan. Biroq navbatdagi yirik taqdimot sentabr oyida bo‘lib o‘tishi va unda yangi iPhone 18 hamda birinchi buklanuvchi iPhone namoyish etilishi kutilmoqda. Ayrim prognozlarga ko‘ra, kuzda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 18 Pro smartfonining boshlang‘ich narxi 1299 dollarni tashkil etadi.

Narxlar oshishi faqat yangi iPhone modellari bilan cheklanmasligi mumkin. Tahlilchilar, ayniqsa Mac va iPad qurilmalari narxlari bundan ham oldinroq ko‘tarilishi ehtimolini istisno qilmayapti.

Chiplar narxining oshishiga sun’iy intellekt sohasidagi ulkan talab sabab bo‘lmoqda. So‘nggi ikki yilda Google, Microsoft, Meta va Amazon kabi kompaniyalar AI infratuzilmasiga milliardlab dollar sarflamoqda. Natijada serverlar uchun zarur bo‘lgan xotira va saqlash chiplariga talab keskin oshdi.

Bozorda DRAM chiplarining asosiy yetkazib beruvchilari — Samsung Electronics, SK Hynix va Micron Technology hisoblanadi. Ularning mahsulotlariga bo‘lgan talab oshishi aksiyalar qiymatining ham keskin o‘sishiga olib keldi.

Kukning ta’kidlashicha, u elektronika ta’minoti zanjiridagi 40 yillik faoliyati davomida bunday vaziyatni hech qachon ko‘rmagan.

«Bu yuz yilda bir marta uchraydigan toshqinga o‘xshaydi. Men bunga o‘xshash holatni hech qachon ko‘rmaganman», — dedi Apple rahbari.

Teglar

Mavzuga oid