AQSH va Isroil yana Bushehrdagi AESga zarba berdi

Bugun 10:472 daqiqa

Eron rasmiylari ma’lum qilishicha, hujum vaqtida stansiya hududiga snaryad tushgan, ammo hech qanday zarar va jabrlanganlar qayd etilmagan. Xalqaro atom energiyasi agentligi barcha tomonlarni vazminlikka chaqirib, vaziyatni keskinlashtirmaslik zarurligini ta’kidladi.

AQSH va Isroil yana Bushehrdagi AESga zarba berdi

Erondagi Bushehr yadroviy inshooti hududiga AQSH va Isroil hujumi paytida uchirilgan snaryad tushdi. Bu haqda 24-mart kuni kechqurun Eron atom energiyasi tashkiloti xabar qildi. Unga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan va stansiya obyektlariga zarar yetmagan.

Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi barcha tomonlarni yadroviy avariyaning oldini olish uchun «eng yuqori darajada o‘zini tiyish»ga chaqirdi. Bu bayonot ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan.

Bushehr yadroviy inshooti Eronning janubi-g‘arbidagi Bushehr shahri yaqinida joylashgan bo‘lib, 17-mart kuni ham hujumga uchragan edi. O‘shanda ham stansiya hududiga snaryad tushgan, ammo radiatsiya chiqishi yoki boshqa jiddiy zarar qayd etilmagan.

AESda rossiyaliklar bor

«Rosatom» ma’lum qilishicha, stansiyada taxminan 480 nafar rossiyalik xodim qolmoqda. Kompaniya rahbari Aleksey Lixachev bu hodisani xalqaro xavfsizlik qoidalariga «ochiqdan-ochiq bee’tiborlik» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri kompaniya ikki marta xodimlarni evakuatsiya qilgan va hozir uchinchi bosqichga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bushehr – Eron atom energetikasining asosiy obyekti

Bushehr yadroviy inshooti Eron atom energetikasining asosiy obyekti hisoblanadi. U mamlakatda qurilgan ilk atom elektr stansiyasi bo‘lib, uning qurilishi 1975-yilda «Siemens» ko‘magida boshlangan.

Islom inqilobidan keyin ishlar to‘xtatilgan va faqat 1995-yilda «Rosatom» ishtirokida qayta tiklangan. Birinchi energoblok 2013-yilda ishga tushirilgan, bir necha yil o‘tib esa ikkinchi blok qurilishi boshlangan.

So‘nggi yillarda stansiyada texnik muammolar tez-tez kuzatilib, bu Eronning ayrim hududlarida elektr ta’minoti uzilishiga sabab bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid