AQSHda «Meta» va «Google» ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikda aybdor deb topildi

Bugun 08:552 daqiqa

Los-Anjelesdagi sud «Meta» va «Google» kompaniyalarini ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik keltirib chiqarishda aybdor deb topdi. Da’vogarga 3 mln dollar tovon puli to‘lanadi.

AQSHda «Meta» va «Google» ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikda aybdor deb topildi

Los-Anjeles sudi jyurilari «Instagram» egasi «Meta» va «YouTube» egasi «Google» kompaniyalarini ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik keltirib chiqarishda aybdor, deb topdi. Sud qaroriga ko‘ra, kompaniyalar 20 yoshli da’vogarga 3 mln dollar tovon puli to‘lashi shart: mablag‘ning 70 foizi «Meta», 30 foizi esa «YouTube» zimmasiga yuklandi, deb yozmoqda CNBC. «Bloomber» esa sud hali jarima masalasini alohida ko‘rib chiqishini ta’kidlagan.

Da’vogar olti yoshidan «YouTube», to‘qqiz yoshidan esa «Instagram» ishlatish natijasida og‘ir depressiya va suitsidal fikrlardan aziyat chekkanini da’vo qilgan. Jyurilar algoritmlar va avtomatik ijro funksiyalari foydalanuvchilarni to‘xtashdan mahrum qilishini hamda kompaniyalar bu xavflardan ogohlantirmaganini qayd etdi.

«Biz hukmga qo‘shilmaymiz va huquqiy imkoniyatlarimizni o‘rganamiz», — deyiladi «Meta» bayonotida. «Google» esa hozircha vaziyatga rasmiy munosabat bildirmadi.

Bu qaror soha uchun «Big Tobacco momenti» — tamaki kompaniyalari o‘z mahsuloti zararini yashirgani uchun milliardlab jarimaga tortilgan 1990-yillardagi tarixiy jarayonga qiyoslanmoqda.

Texnologiya bozori uchun xavf

Ushbu sud jarayoni joriy yilda ko‘rib chiqilayotgan o‘xshash da’volar seriyasining birinchisi va eng muhimi hisoblanadi. Yozda Kaliforniyada maktab okruglari va ota-onalar tomonidan «Meta», «YouTube», «TikTok» va «Snap» kompaniyalariga qarshi qo‘zg‘atilgan jamoaviy da’volar ko‘rib chiqiladi.

«Bloomberg» nashrining taxminicha, ushbu verdikt boshqa kompaniyalarni ham kelishuvga intilishga majbur qilishi mumkin. «TikTok» va «Snap» kompaniyalari allaqachon sud boshlanguniga qadar da’vogarlar bilan o‘zaro kelishuvga erishishga ulgurdi. Bu jarayon butun ijtimoiy tarmoqlar industriyasi uchun yangi huquqiy davrni boshlab berishi kutilmoqda.

Dizayn nuqsonlari va mas’uliyat

Da’vogarlarning asosiy strategiyasi ijtimoiy tarmoqlardagi kontentga emas, balki ilovalarining dizayn nuqsonlariga — foydalanuvchini jalb qilish va ushlab qolish mexanikalariga qaratilgan. Bu texnologiya kompaniyalarining «biz foydalanuvchilar joylagan postlar uchun javobgar emasmiz», degan an’anaviy argumentini chetlab o‘tish imkonini beradi.

Ekspertlarning fikricha, agar ushbu yondashuv boshqa sudlarda ham qo‘llanilsa, ijtimoiy tarmoqlar o‘z algoritmlarini tubdan o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Bu nafaqat kompaniyalarning daromadiga, balki global raqamli iqtisodiyotning ishlash tamoyillariga ham ta’sir qiladi. Mazkur ish xuddi shu kabi da’volar uchun «namunaviy model» bo‘lib xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid