add

Avtomobil yurgan masofasini soxtalashtirganlar jarimaga tortiladi

Bugun 17:251191

O‘zbekistonda avtomobilni sotishdan oldin odometr ko‘rsatkichlarini o‘zgartirgan yoki bu haqda xaridorni xabardor qilmagan shaxslarga ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin.

Avtomobil yurgan masofasini soxtalashtirganlar jarimaga tortiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida» qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, transport vositasini sotishdan oldin uning odometri, ya’ni avtomobil bosib o‘tgan masofani ko‘rsatuvchi qurilmaning o‘zgartirilgani yoki almashtirilgani haqida xaridorga ma’lum qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Ushbu qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 121-1-moddani kiritish taklif qilinmoqda. Unga muvofiq, avtomobil sotishdan oldin xaridorni odometr ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarish haqida xabardor qilmagan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha — 4,12 million so‘mdan 6,18 million so‘mgacha jarima solinishi mumkin.

Tashabbus avtomobil bozorida shaffoflikni ta’minlash, foydalanilgan transport vositalari narxlarini sun’iy oshirish holatlarining oldini olish hamda xaridorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 20-noyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi salomatligi sababli xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat berilgan kasalliklar va holatlar ro‘yxati loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.

Teglar

Mavzuga oid

Avtomobil yurgan masofasini soxtalashtirganlar jarimaga tortiladi | Vaqt.uz