Avvalgidan sekinroq: Keyingi uch oyda O‘zbekiston iqtisodiyoti qanday o‘sadi?

04.03.2026 | 17:003 daqiqa

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yil I chorak uchun O‘zbekiston YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozlarini ma’lum qildi.

Avvalgidan sekinroq: Keyingi uch oyda O‘zbekiston iqtisodiyoti qanday o‘sadi?

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi yillik hisobda 7–7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi e’lon qilgan hisobotda keltirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘sishning asosiy omillari sifatida ishbilarmonlik faolligi, pul-kredit va moliya tizimi, bank operatsiyalari, sanoat ishlab chiqarishi hamda chakana savdo ko‘rsatilmoqda.

2026-yilning birinchi choragi uchun prognoz dinamik faktor modeli asosida tayyorlangan. Unda iqtisodiy faollikni aks ettiruvchi 35 ta asosiy oylik va haftalik ko‘rsatkich tahlil qilingan. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yilning I choragida O‘zbekiston YAIM o‘sishi yillik ifodada taxminan 7 foizni tashkil etishi kutilmoqda. 

Iqtisodiy o‘sishga eng katta hissani ishbilarmonlik faolligi qo‘shadi. Uning ulushi 3,1 foiz bandni tashkil etishi prognoz qilingan.

Shuningdek, pul-kredit va moliya sohasi 1 foiz band, bank tranzaksiyalari dinamikasi 0,9 foiz band, sanoat ishlab chiqarishi 0,6 foiz band hamda chakana savdo 0,3 foiz band hissa qo‘shishi mumkin.

Qo‘shimcha ravishda markaz prognozlarni mashinali o‘qitish usullari orqali ham hisoblagan. Bunda Google qidiruv tizimidagi 20 ta toifa bo‘yicha 250 ta haftalik indikator tahlil qilingan. Natijalarga ko‘ra, 2026-yil I choragida YAIM o‘sishi 7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun: Google qidiruv so‘rovlari iqtisodiy faollikni baholashda qo‘shimcha indikator sifatida qo‘llanadi. Internetda moliya, xaridlar yoki turli xizmatlar haqida qidiruvlar ko‘payishi aholi va biznesning iqtisodiy faolligi ortganini bilvosita ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun bunday ma’lumotlar iqtisodiy o‘sishni prognoz qilishda tahlilchilar tomonidan qo‘shimcha manba sifatida ham ishlatiladi.

2026-yil yanvar oyida qidiruv so‘rovlari dinamikasiga ko‘ra, «internet va telekommunikatsiyalar» toifasidagi so‘rovlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,3 foizga oshgan. «Moliya» toifasida o‘sish 7,9 foizni, «Xaridlar» toifasida esa 5,2 foizni tashkil etgan.

Ikki xil tahlil usuli natijalariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 7–7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davri uchun berilgan 6–6,4 foizlik prognozdan yuqoriroq.

Ma’lumotlar aniqligi

Markaz tahlilchilari ta’kidlashicha, o‘tgan yilda global chaqiriqlarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqarorlikni saqlab, mo‘tadil o‘sishni namoyon qildi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston YAIMi 7,7 foizga o‘sib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkich (6,7 foiz)dan yuqori bo‘ldi. 

«Markazning avval e’lon qilingan prognozi yuqori aniqlikni ko‘rsatib, haqiqiy natijadan atigi 0,2 foiz bandiga farq qildi, bu esa prognozlashda qo‘llanilayotgan yondashuvlarning ishonchliligini tasdiqlaydi», — deyiladi hisobotda.

2025-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida sanoat, bozor xizmatlari va qurilish sohalari ajralib turdi. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga o‘sgan bo‘lsa, bozor xizmatlarida o‘sish 14,7 foizni, qurilish sohasida esa 14,2 foizni tashkil etdi. 

Shuningdek, o‘tgan yili dunyoda oltin narxining 70 foizga ko‘tarilishi ham mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillardan biri bo‘lgan. Natijada bu Markaziy bankning oltin-valuta zaxiralarini oshirib, makroiqtisodiy barqarorlik va kredit reytinglariga ijobiy ta’sir qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqda ro‘y berayotgan urushlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid