BAA moliyaviy sektori urushdan oldingi ish rejimiga qaytmoqda

Bugun 12:453 daqiqa

Urush va xavfsizlik xavotirlari ortidan vaqtincha sekinlashgan Dubay moliya bozori yana jonlanmoqda. Xalqaro banklar ofislarga qaytmoqda, yangi kompaniyalar esa DIFC hududida vakolatxonalar ochishda davom etyapti.

BAA moliyaviy sektori urushdan oldingi ish rejimiga qaytmoqda © stimson.org

AQSH va Eron o‘rtasidagi sulh fonida Birlashgan Arab Amirliklari moliyaviy sektori asta-sekin urushdan oldingi holatga qaytmoqda. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

Banklar odatiy ish rejimiga qaytmoqda
«Citigroup» vakili 4-may kuni «barcha xodimlar endi ofisga qaytishi mumkin, filiallar odatiy rejimda ishlamoqda» deb ma’lum qildi. «Standard Chartered» ham «ish jarayoni odatdagidek davom etayotgan»ni bildirdi.


Mart oyida harbiy harakatlar fonida qator yirik xalqaro banklar, jumladan «HSBC», «Goldman Sachs», «JPMorgan Chase», «Houlihan Lokey», «UBS», «Deutsche Bank», «BNP Paribas», «Standard Chartered» va «Citibank» Fors ko‘rfazi davlatlaridagi filiallarini to‘liq yoki qisman yopib, xodimlarni masofaviy ish rejimiga o‘tkazgan edi.


«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar va xavfsizlik xavotirlari sabab bankirlar BAAni ommaviy tark eta boshlagan. Shunga qaramay, ayrim kompaniyalar mamlakatda investitsiya faoliyatini kengaytirmoqda.
«Brookfield Asset Management» Dubayda ko‘chmas mulkni boshqarish bo‘linmasini tashkil etmoqda va shahar ko‘chmas mulk bozoriga katta stavka qilyapti.

«Biz mintaqaning xavf va imkoniyatlarini boshqalardan yaxshiroq tushunamiz, shuning uchun kapital kiritishga intilyapmiz», – dedi kompaniyaning Yaqin Sharq bo‘yicha rahbari Jad Ellavn.


Shuningdek, «Citadel» xedj-fondi ham Dubayda ish boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Fond aktivlari 67 milliard dollarga baholanadi. Mart oyida Dubay xalqaro moliyaviy markazida (DIFC) hududida 258 ta kompaniya mintaqaviy vakolatxona ochdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 59 foiz ko‘p. Umuman olganda, birinchi chorakda DIFC hududida 775 ta yangi kompaniya vakolatxonasi ochilgan.

BAA qanday qilib barqaror qoldi?

Yaqin Sharqdagi urush boshlanganidan keyin moliyaviy guruhlar Birlashgan Arab Amirliklari, ayniqsa Dubay investorlar uchun «xavfsiz boshpana» maqomini saqlab qola olishiga shubha bilan qaragan edi. Biroq, «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, kutilgan halokat yuz bermadi va mamlakat moliya sektori asta-sekin odatiy faoliyatiga qaytmoqda.


Agentlik ta’kidlashicha, past soliqlar va aktivlar xavfsizligi hanuzgacha malakali mutaxassislar hamda global kompaniyalarni jalb qilmoqda. Urush vaqtida Dubay bizneslar ishini davom ettira olishi uchun ayrim tartibga soluvchi talablarni yumshatgan.


«Tiger Recruitment» kompaniyasining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi uchun ishga yollash bo‘limi boshlig‘i Zaxra Klarkning aytishicha, BAAda faoliyat yurituvchi ko‘plab kompaniyalar hali ham xodim yollamoqda, «biroq avvalgiga nisbatan sekinroq sur’atda».


Uzoq muddatli «oltin vizalar» xorijlik mutaxassislarni uy-joy sotib olish va o‘z biznesini ochishga rag‘batlantirmoqda. Mart oyida BAA hukumati mamlakatni vaqtincha tark etgan chet ellik ishchilarga soliq rezidentligi maqomini yo‘qotmasdan xorijda uzoqroq qolishga ruxsat berdi.
 
Shveysariyaning «Agius & Partners» rekruting kompaniyasi bosh direktori Greg Agiusning ta’kidlashicha, ko‘plab bankirlar va boy investorlar BAAning inqirozni qanday boshqarganidan hayratda qolgan.

«Dubay oilalar va tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar taklif qiladi. Shveysariya ajoyib mamlakat, ammo u yerda hayot sur’ati sekinroq va soliqlar yuqoriroq», – deydi u.


Shu bilan birga, agentlik qayd etishicha, Yaqin Sharqdagi bitimlar istiqboli tobora noaniqlashmoqda. Manbalarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan ayrim IPOlar kechiktirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Shuningdek, kompaniyalar investitsiyalarni ortga surishi sabab qo‘shilish va sotib olishlar (M&A) faolligi ham pasayishi ehtimol qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

BAA moliyaviy sektori urushdan oldingi ish rejimiga qaytmoqda | Vaqt.uz