
Bebaho «Chevrolet Cobalt»: «xalqona avtomobil»ning narx evrilishi
«Cobalt» oxirgi yillarda O‘zbekistonda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan «xalqona mashina» maqomida: oilaviy avto, taksi, avtokredit — barchasida u yetakchi model. Uning narxi so‘nggi 6 yilda qanday o‘zgargan va bu o‘zgarishlarga nimalar ta’sir qilgan?

O‘zbekistonda 2012 yildan buyon ishlab chiqarilayotgan «Chevrolet Cobalt» avtomobili oradan 13 yil o‘tsa-da, o‘zining xaridorgirligini yo‘qotmasdan kelmoqda.
Xalq mehrini qozonishiga sabab — uning ishonchliligi, xavfsizligi, kamxarjligi, chidamliligi va eng asosiysi nisbatan arzonligidir.
2024 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni qariyb 400 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, ularning 165 mingtasi yoki 41 foizi «Cobalt» avtomobili bo‘lgan.
Garchi «Cobalt» O‘zbekistonda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobil hisoblansa-da, unga doim xaridorlar navbatda turishgan. «Cobalt» sotuvi doimo shov-shuvlar bilan yuz beradi, korrupsion holatlar va chayqovchiliklar ortidan turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan.
So‘nggi onlayn savdolarda sotuvga chiqarilgan 100 mingta «Cobalt»dan qariyb 80 foiziga pul to‘lanmagani ham fikrimizni isbotlaydi. Odamlar shu avtomobilni sotib olishni istaydi, lekin ularda pul yo‘q. Yoki, puli bo‘lmasa ham shartnomalarini band qilib, uni kimgadir pullash orqasidan daromad qilishni istaydi.
Ayni paytda «Cobalt»ni UzAuto Motorsʼning mobil ilovasi orqali sotib olish imkonsiz. Uni faqat dilerlik markazlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali xarid qilish mumkin.
Keling, «Cobalt» narxi so‘nggi 6 yil ichida qanday o‘zgarganini o‘rganib chiqamiz.
2019–2020: «Arzon Cobalt» davrining tugashi
2019 yilga kelib «Cobalt» hali ham nisbatan arzon segmentdagi sedan hisoblanardi. «Cobalt» LT va LTZ’ning eski narxlari quyidagicha ko‘rsatilgan:
Cobalt LT — 87 060 777 so‘m;
Cobalt LTZ A/T — 100 777 630 so‘m;
«Cobalt» LT (mexanik uzatmalar qutisiga ega) narxi 10 foizga, LTZ A/T (avtomat uzatmalar qutili) esa 14 foizga oshirilgan. Demak, 2020 yil boshidanoq LT — taxminan 95,8 mln so‘m, LTZ — taxminan 114,9 mln so‘m darajasiga chiqqan.
Bu shuni anglatadiki: «80–90 millionlik Cobalt» davri tugab, 100 million+ bosqich boshlangan.
Bunga asosiy sabablar:
so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi;
import butlovchi qismlarining qimmatlashi;
UzAuto Motors’ning yangi narx siyosati bo‘lgan.
2022: Optima paydo bo‘lishi va 120+ mln so‘mlik bosqich
Pandemiyadan keyingi tiklanish davrida, 2022 yil «Cobalt»ning yangi pozitsiyalari quyidagicha e’lon qilingan:
GX/14ATB — 124 295 000 so‘m;
GX-OPTIMA AT — 127 145 000 so‘m.
Bu vaqtga kelib avtomat uzatmalar qutisiga qutilariga ega «Cobalt»lar 125–127 mln so‘m oralig‘ida shakllangan.
Kuzatilgan tendensiyalarga ko‘ra, avtomashina narxlari bosqichma-bosqich va barqaror o‘sa boshladi. Optima kabi komplektatsiyalar paydo bo‘lishi model endi faqat «arzon sedan» emasligini ko‘rsatdi.
2023: GS/GX tizimi va 120–140 mln so‘mlik Cobalt
2023 yilda GM Uzbekistan komplektatsiyalarni GS va GX kabi yangi nomlarda taqdim qila boshladi.
GS-Style MT — 119 542 000 so‘m;
GX-Style AT Plus — 141 181 000 so‘m
«Cobalt» bu davrga kelib «100 mlnlik avto»dan «140 mln so‘mlik avto»ga aylangan.
Aynan 2023 yilda «Chevrolet Cobalt» yangilangan dizaynda ishlab chiqarilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Hattoki yangi «Cobalt»ning Braziliyada ishlab chiqarilgan namunalari Toshkent ko‘chalarida haydab ko‘rsatildi. Biroq, shu bilan bu masala unutildi. Kobal hamon 13 yil avvalgi. tashqi ko‘rinishga ega bo‘lib turibdi.


2024: ikki marta narx o‘zgarishi va 150 mln+ bosqich
2024 yil «Cobalt» narxi uchun burilish nuqtasi bo‘ldi.
Mart – keskin qimmatlashuv:
GS-Style Plus MT — 124 264 000 → 133 598 000 so‘m;
GX-Style Plus AT — 146 757 000 → 156 589 000 so‘m
Iyun–iyul oylarida savdo tiklanishi:
GX-Optima AT Plus — 146,5 mln so‘m;
GX-Style AT Plus — 147,9 mln so‘m
Avgust – bozordagi real diapazon:
GS MT — 125,2 mln so‘m;
GX Optima AT Plus — 146,5 mln so‘m
GX-Style AT Plus — 147,9 mln so‘m
2024 yil oxiriga kelib:
Mexanik uzatmalar qutiligi — 125–135 mln,
avtomat uzatmalar qutiligi — 147–157 mln so‘mni tashkil eta boshladi.
Bu 2019 yil bilan solishtirganda 50–70 foiz o‘sishni anglatadi.
2025: Style MCM va Midnight — imij va yangi bosqich
2025 yilda UzAuto Motors «Cobalt»ni modernizatsiya qilgan holda quyidagi modellarni quyidagi narxlarda sotuvga chiqargan:
Cobalt Style AT Plus — 147 916 000 so‘m;
Cobalt Midnight AT — 155 231 000 so‘m;
Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m;
Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m
Avtomobil blogerlari va tahlilchilarga ko‘ra, versiyalar tashqi ko‘rinish va salon materiallari bo‘yicha sezilarli o‘zgarishga ega.
Shu bilan «Cobalt» 2025 yilga kelib, 147–165 mln so‘mlik segmentga ko‘tarilgan, «budjet avto»dan bir qadar imijli modelga aylangan.

Cobalt Midnight AT
Yangi funksiyalar va yangilanishlar
2025 yilgi «Chevrolet Cobalt»ning yangilangan modeli interyerda ham, texnik qismda ham juz’iy yangilanish va yaxshilanishlarga ega bo‘ldi.
Multimedia tizimi: Yangi 7 dyuymli MyLink sensor tizimi o‘rnatildi. U Apple CarPlay va Android Auto tizimlarini qo‘llay oladi.
Komfort: Old o‘rindiqlar isitilishi va kruiz-nazorat qo‘shildi.
Interyer: «Tracker 1» stilidagi pribor paneli (analog datchiklar va oq-qora LED displey) hamda boshqaruv tugmalariga ega ko‘pfunksiyalari rul chambaragi bilan jihozlandi.
Dvigatel: Modernizatsiya qilingan 1,5-litrli B15D2 dvigateli ikkita faza aylantiruvchiga ega bo‘ldi (BMWʼdagi VANOS nizimi kabi), bu esa kichik aylanmalarda aylantiruvchi moomentni kuchaytiradi, tezlashuv dinamikasini yaxshilaydi va yonilg‘i sarfini kamaytiradi. Dvigatel hamon gaz-ballon uskunalari o‘rnatishga moslashtirilgan.
Xavfsizlik: ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va qo‘riqlash funksiyalarini boshqarish bloki yangilangan.
Narxlar tahlili: 6 yilda qanday o‘zgardi?
Yil | Mexanika | Avtomat |
2019 | ~87 mln | ~100,7 mln |
2020 | ~95–96 mln | ~115 mln |
2022 | — | 124–127 mln |
2023 | 119 mln | 134–141 mln |
2024 | 125–135 mln | 147–157 mln |
2025 | — | 156–165 mln |
2019–2025 yillarda «Chevrolet Cobalt» narxi 87 mln so‘mdan 165 mln so‘mgacha ko‘tarilgan. Bu 80 foizdan ortiq real o‘sish demakdir.
Narx o‘sishiga ta’sir etgan asosiy omillar
1. inflatsiya va so‘m kursi. Ushbu yillarda inflatsiya 10 foiz atrofida bo‘ldi, dollar esa qimmatlashib bordi. Butlovchi qismlarning katta qismi import bo‘lgani uchun narxlar mos ravishda oshib bordi.
2. Jahon bozoridagi xomashyo narxlari. Metall, logistika va elektron tarkibiy qismlar narxi pandemiyadan keyin keskin ko‘tarildi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, bir muddat «Cobalt»lar avtomagnitolasiz ham ishlab chiqarila boshladi.
3. Bozor talabi. «Cobalt»ga talab har doim yuqori bo‘lgan. Bunga sabab — taksoparklarning asosiy mashina ekanligi, juda ko‘pr oilalar xarid qilayotgan, kredit orqali sotib olish segmentida ham avto yetakchi rollarda ekanligi. Binobarin, yuqori talab narxni pastga tushirmaydi, aksincha, ko‘tarishiga xizmat qiladi.
4. Yangi komplektatsiyalar va pozitsiyalash
GS, GX, Optima, Style, MCM — bular funksional imkoniyatlar va narx siyosatini bosqichma-bosqich yuqorilashini ta’minladi. «Chevrolet Cobalt» 6 yil ichida konstruksiyasi, komplektatsiyasi, bozordagi o‘rni va eng muhimi narxi jiddiy o‘zgarishlardan o‘tdi.
«Chevrolet Cobalt» tarixi
«Chevrolet Cobalt»ning tarixi 2000-yillarning o‘rtasida AQSHda boshlangan. Model ilk bor 2004 yilda namoyish etilgan va 2005 yildan boshlab GM’ning Delta platformasida ishlab chiqarilgan. U o‘sha vaqtda «Chevrolet Cavalier» o‘rnini egallab, iqtisodiy, ishonchli va qulay sedan sifatida tanilgan. Amerika bozori uchun kupe va sedan turlarida taqdim etilgan birinchi avlod Cobalt tez orada yoshlar va oilaviy segment orasida ommalashdi.
2010 yilda AQSHda «Cobalt» ishlab chiqarilishi tugatilib, uni Cruze almashtirdi. Biroq modelning hayoti boshqa bozorlarda davom etdi: 2011 yilda yangi, xalqaro versiya ishlab chiqilib, Braziliya va MDH mamlakatlarida sotila boshlandi. Bu ikkinchi avlod keng salon, tejamkor dvigatel va arzon xizmat ko‘rsatilishi bilan qadr topdi.
O‘zbekistonda «Cobalt» tarixi 2016 yildan boshlanadi — u Rossiyaga «Ravon» R4 nomi bilan ham eksport qilina boshladi. Tez orada u budjet segmentidagi mamlakatdagi eng ommaviy va talabgir avtomobillardan biriga aylandi: taksi uchun qulay, xizmat xarajatlari past, saloni keng. 2019 yilda «Ravon» brendi tugatildi.
Bugun «Cobalt» — o‘zini yillar davomida isbotlagan, sarf-xarajat jihatdan tejamkor va O‘zbekiston sharoitiga mos avtomobil sifatida uzoq tarixga asoslangan modeldir.
Teglar






