BFQlarni bojsiz olib kirish me’yori oshirildi
O‘zbekistonda shaxsiy ehtiyoj uchun biologik faol qo‘shimchalarni bojsiz olib kirish tartibi yengillashtirildi.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) bojsiz olib kirish me’yorlari oshirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 9-apreldagi qaroriga tayanib, Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, endi xorijdan 10 tagacha nomdagi BFQni birlamchi o‘ramda olib kirish mumkin. Bunda har bir turdan faqat bittadan qadoq bo‘lishi shart qilib belgilangan.
Shu bilan birga, olib kirilayotgan mahsulotlarning umumiy og‘irligi 3 kilogrammdan oshmasligi lozim. Ushbu cheklovlar shaxsiy foydalanish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda joriy etilgan.
Avvalgi tartibga ko‘ra esa BFQlarni bojsiz olib kirish ularning shakliga qarab belgilangan edi. Jumladan, suyuq yoki qiyom ko‘rinishidagi qo‘shimchalar uchun 10 flakongacha, kukun shaklida 0,5 kilogrammgacha ruxsat berilgan.
Shuningdek, tabletka va kapsula shaklidagi BFQlar uchun 100 donagacha cheklov mavjud bo‘lgan. Quritilgan o‘simlik shaklidagi mahsulotlar uchun ham 0,5 kilogramm me’yor amal qilgan.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, amaliyotda bir o‘ramda 100 donadan ortiq tabletka yoki kapsula bo‘lgan holatlar ko‘p uchragan. Bu esa amaldagi me’yorlarni qo‘llashda muayyan muammolarni keltirib chiqargan.
Shu sababli yangi tartib ishlab chiqilib, aholining taklif va ehtiyojlari inobatga olingan holda me’yorlar qayta ko‘rib chiqildi. Yangi yondashuv orqali tartib soddalashtirilib, amaliyotga moslashtirildi.





