add

«Biznes hamroh» markazlari 2026 yil martdan ishga tushadi

Bugun 16:152342 daqiqa

Ushbu markazlar dastlabki bosqichda Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida 1 tadan tashkil etiladi.

«Biznes hamroh» markazlari 2026 yil martdan ishga tushadi

Prezidentning «Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat va xususiy xizmatlarni kompleks ko‘rsatish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–375-sonli qarori bilan O‘zbekistonda «Biznes hamroh» loyihasini joriy etish belgilandi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1-martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlar tadbirkorlarga «yagona darcha» tamoyili asosida taqdim etiladi.

Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad — tadbirkorlar faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish tizimini shakllantirishdir. Bu 1000 dan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish, tadbirkorlarning masalalari va muammolarini eshitish, muhokama qilish hamda joyida hal etishga qaratilgan sifat jihatdan yangi maydonchani yaratishni nazarda tutadi.

«Biznes hamroh» loyihasi doirasida tadbirkorlarga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlar kompleks tarzda taqdim etiladi. Bu xizmatlar biznesni ochishdan tortib uni rivojlantirish va kengaytirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan «Biznes hamroh» markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu markazlar tadbirkorlar uchun yagona aloqa nuqtasi vazifasini bajaradi.

Dastlabki bosqichda «Biznes hamroh» markazlari Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek barcha viloyatlar markazlarida bittadan tashkil etiladi. Keyinchalik xizmatlar qamrovi va hududiy tarmoq kengaytirilishi mumkin.

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-martdan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan tizimli muloqoti yo‘lga qo‘yiladi. Ular har chorakda tasdiqlangan reja-grafik asosida hududlarda “Biznes hamroh” markazlarida uchrashuvlar o‘tkazadi, reja-grafiklar esa ochiq tarzda elektron platforma va rasmiy saytlarda e’lon qilinadi. Bu tadbirkorlarga rahbarlar bilan muloqotni oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, platforma orqali bir chorakda muayyan hududdan kamida 10 ta murojaat kelib tushsa, tegishli rahbar keyingi chorak rejasiga ushbu hududda uchrashuv o‘tkazishni kiritadi. Uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar va Call markazi orqali kelgan murojaatlar “Tadbirkor virtual ofisi” portaliga kiritiladi, “Biznes hamroh” markazlari esa davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident huzuridagi taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan «Biznes hamroh» markazlarini ochish taklif qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid