add

Brent navli neft narxi maydan beri ilk bor 60 dollardan pastladi

16.12.2025 | 16:551872 daqiqa

Brent nefti narxi barreliga 60 dollardan pastlab, may oyidan beri eng quyi darajaga tushdi. Bozor Ukrainada tinchlik ehtimolini hisobga olmoqda.

Brent navli neft narxi maydan beri ilk bor 60 dollardan pastladi

16-dekabr kuni jahon neft bozorida keskin pasayish qayd etildi. Ertalabki savdolarda Brent markali neft fyucherslari 1,8 foizga arzonlab, barreli 59,7 dollargacha tushdi. Bu ko‘rsatkich may oyidan beri qayd etilgan eng past narx hisoblanadi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning WTI nefti 15-dekabr yakunlari bo‘yicha 56,8 dollar darajasida yopildi. Bu 2021 yil fevraldan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Nashr qilingan paytda yanvar oyi uchun WTI shartnomalari 55,7 dollar atrofida savdo qilib, qariyb 2 foizga pasaygan.

Narxlar tushishiga asosiy sabab sifatida Ukrainadagi urush bo‘yicha tinchlik kelishuviga bo‘lgan kutilmalar tilga olinmoqda. Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Donald Trampning kelishuv «har qachongidan ham yaqin» ekani haqidagi bayonoti neft narxlaridagi geosiyosiy premiyani kamaytirmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, agar Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi imzolansa, bu neft bozoriga qisqa muddatda jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Morgan Stanley strategi Martin Ratsning ta’kidlashicha, sanksiyalar tufayli Rossiya nefti uzaytirilgan logistika zanjirlari orqali yetkazilmoqda. Mazkur cheklovlar bartaraf etilsa, bu «o‘nlab, ehtimol yuzlab million barrel neft»ning bozorga qaytishiga teng bo‘ladi.

Energy Aspects konsalting kompaniyasi esa tez orada kelishuvga erishilishini kutmayotganini bildirib, biroq ushbu jarayon hozirda bozor uchun eng katta geosiyosiy noaniqlik manbai ekanini qayd etdi. Ayniqsa, yil oxirida savdolar likvidligi pasaygan paytda bu omil yanada sezilarli bo‘ladi.

Qayd etish joizki, Brent nefti ketma-ket besh oy davomida arzonlamoqda. Bu so‘nggi 11 yil ichidagi eng uzoq pasayish davri hisoblanadi. 2025 yil boshidan buyon neft narxi qariyb 20 dollarga tushdi. Xalqaro energetika agentligi 2026 yilda bozorda kunlik 3,7 mln barrel miqdorida profitsit yuzaga kelishini prognoz qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid