
Britaniya mudofaa vaziri Putinni o‘g‘irlab sudga tortishga tayyorligini bildirdi
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish maqsadida o‘g‘irlashga tayyorligini aytdi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida keskin bayonot berdi. Uning aytishicha, agar imkoniyat bo‘lsa, Putinni o‘g‘irlab, Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish kerak bo‘lar edi.
Ukraina poytaxti Kiyev shahrida bo‘lib turgan Jon Hili bu fikrni «Kyiv Independent» nashri jurnalistning «qaysi jahon yetakchisini o‘g‘irlar edingiz», degan savoliga javoban bildirgan. U Rossiya tomonidan sodir etilgan jinoyatlar orasida Buchada ko‘rgan vayronagarchiliklarni, shuningdek, Irpendan ukrainalik bolalarning majburiy olib ketilganini alohida ta’kidlagan.
«Ochig‘i, bu savolimni javobsiz qoldirasiz, deb o‘ylagandim», — degan jurnalist unga javoban.
Kiyevning Darnitsa tumanidagi ko‘p qavatli uyga qilingan zarba joyida turgan vazir mazkur binoga ishora qilib, bu hujum Rossiya rahbariyatining fuqarolarga, shaharlarga va qish faslida aholi uchun hayotiy ahamiyatga ega infratuzilmaga qarshi urush olib borayotganini yaqqol ko‘rsatishini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar Rossiya prezidentining urushni to‘xtatish niyati yo‘qligini namoyon qiladi. «Bu odam to‘xtatilishi shart. Bu urush tugatilishi kerak», — dedi Hili.
Britaniya mudofaa vaziri ta’kidlashicha, Londonning asosiy vazifasi — Ukrainani bugungi kunda qo‘llab-quvvatlash va uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga yordam berishdan iborat.





