
Bugun O‘zbekistonda metan quyish shoxobchalari to‘liq sutkalik rejimga o‘tishi va’da qilinmoqda
O‘zbekistonda 30-dekabrdan barcha metan quyish shoxobchalari sutka davomida ishlay boshlashi, deyarli uch hafta davom etgan gaz cheklovlari bekor qilinishi va’da qilinmoqda.

O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) odatiy ish rejimiga qaytmoqda. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, 30-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab respublika bo‘ylab barcha metan quyish shoxobchalari to‘liq 24 soatlik rejimda faoliyat yuritadi.
Vazirlikybyu ta’kidlashicha, tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha joriy etilgan barcha cheklovlar bekor qilingan. Endi avtotransport egalari sutkaning istalgan vaqtida, shu jumladan tungi soatlarda ham, navbatlarsiz gaz quydirish imkoniga ega bo‘ladi.
AGTKSHlar faoliyati tiklanishi ob-havoning keskin iliqlashishi fonida amalga oshirilmoqda. «O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 29-dekabr kuni kunduzgi harorat +13…+18 darajani tashkil etdi. 30-dekabrdan boshlab harorat pasayishi kutilmoqda, 31-dekabr kuni esa havo +5…+10 daraja atrofida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 11-dekabr kuni Energetika vazirligi butun mamlakat bo‘ylab metan quyish shoxobchalari ish faoliyatiga cheklovlar kiritilganini e’lon qilgan edi. Bunga Turkmaniston gaz-transport tizimida yuzaga kelgan texnik nosozliklar sabab gaz importi qisqargani asos qilib ko‘rsatilgan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning o‘shanda izoh berishicha, mazkur holat tufayli sutkasiga taxminan 6 mln kub metr gaz taqchilligi vujudga kelgan. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysida muammoni yumshatish uchun mobil gaz quyish stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan edi.





