Buxoroda 38 mlrd so‘mlik zargarlik klasteri ochildi
Yangi markaz yiliga 300 kg mahsulot ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

Buxoro shahrida zargarlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan 38 mlrd so‘mlik Buxoro zargarlik klasteri rasman ish boshladi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, klaster Prezidentning 2024 yil 23-iyuldagi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilgan. Farmonda 2024–2026 yillarda «Milliy bank» ishtirokida hududlarda zamonaviy zargarlik markazlarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 18-sentabrdagi qarori asosida markaz Buxoro shahri Islom Karimov ko‘chasidagi binoda joylashtirilgan. Loyihada «NBU Jewelry Group» MCHJ va turkiyalik investorlar ishtirok etdi.
Markaz yiliga 300 kilogrammgacha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Unda 100 nafar yangi ish o‘rni yaratilgan. Yillik soliq tushumlari 2,5 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Zamonaviy infratuzilma
Bino 2024 yil dekabrda auksion orqali xarid qilingan va kapital ta’mirdan chiqarilgan. Ishlab chiqarish jarayoni uchun zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilib, to‘liq ishga tayyor holatga keltirilgan.
«Buxoro zargarlik klasteri qadimiy hunarmandchilik an’analari va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘lib, u hudud sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.





