Buxoroda startaplar klubi tuzildi. Klub rahbari viloyat hokimining o‘zi

Kecha 20:312 daqiqa

Viloyatdagi startaperlar orasida maktab o‘quvchisi ham bor. Cho‘lda yomg‘ir suvlarini yig‘ish, mini AES kabi startaplar ishlab chiqilyapti.

Buxoroda startaplar klubi tuzildi. Klub rahbari viloyat hokimining o‘zi © Фото: Бухоро вилояти ҳокимлиги

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning 17-apreldagi tegishli qarori bilan hokim rahbarligida viloyat «Startaplar klubi» tashkil etildi.

Klub tarkibi 39 nafar a’zodan iborat bo‘lsa, shundan 22 nafari viloyatdagi MCHJlar rahbarlari yoki ta’sischilaridir. Shuningdek, klub a’zolari orasida viloyatdagi 4 ta oliygohning rektorlari, viloyat hokimining uch nafar o‘rinbosari va davlat idoralari rahbarlari bor.

Klub nima qiladi?

Hokim qarorida viloyat «Startaplar klubi»ning asosiy vazifalari ham belgilangan:

startap tashabbuskorlari bilan har oyda kamida bir marotaba ochiq muloqotlar va uchrashuvlar o‘tkazish;

startap loyihalarni amalga oshirish jarayonida davlat organlari bilan yuzaga kelayotgan tashkiliy, huquqiy va ma’muriy muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish;

hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlari, investorlar va sanoat korxonalarini startap loyihalarga biriktirish orqali ularning moliyaviy va amaliy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash;

istiqbolli va innovatsion g‘oyalarni saralash, ularni tijoratlashtirishga ko‘maklashish;

startaplar faoliyati uchun zarur infratuzilma, maslahat va mentorlik xizmatlarini tashkil etish;

startap tashabbuskorlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv seminarlari, treninglar va master-klasslar tashkil etish.

Viloyatdagi startaplar

Hujjatda 31 ta startap loyihalari ko‘rsatilgan. E’tiborli jihati shundaki, startaperlar orasida maktab o‘quvchisi ham bor. Buxoro tuman 34-umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Murodov Javohirshoh «Aqlli hassa» startapini ilgari surgan. Hokim qarorida ushbu startap boshqalari kabi viloyatdagi MCHJlardan biriga biriktirilishi keltirilgan.

Startaplar orasida cho‘lda yomg‘ir suvlarini yig‘ish, bargdan qurilish va mebel uchun DSP ishlab chiqarish, harbiy robot it, mini AES, nasos stansiyalarida sun’iy intellekt asosida zamonaviy avtomatik himoya tizimini joriy etish, shamoldan elektr energiyasi ishlab chiqarish va foydalanish kabilar ham bor.

Teglar

Mavzuga oid