add

Buyuk Britaniya X tarmog‘ini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda

Kecha 12:431 daqiqa

London hukumati sun’iy intellekt orqali yaratilgan noqonuniy tasvirlar sabab X ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan qat’iy choralar qo‘llashni muhokama qilmoqda.

Buyuk Britaniya X tarmog‘ini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda

Buyuk Britaniya hukumati X ijtimoiy tarmog‘i faoliyatini cheklash, hatto uni mamlakat hududida taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga sabab sifatida platformada sun’iy intellekt yordamida yaratilgan va qonun talablariga zid deb baholanayotgan tasvirlarning tarqalishi ko‘rsatilmoqda.

Daily Telegraph nashrining yozishicha, muammo xAI kompaniyasi ishlab chiqqan Grok sun’iy intellekt modeli bilan bog‘liq. U foydalanuvchilar so‘rovlariga javoban axloq me’yorlariga zid suratlar yaratib, ular X tarmog‘ida joylashtirilgan. Bu holat mamlakat qonunchiligi va onlayn xavfsizlik qoidalariga zid ekani ta’kidlanmoqda.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Greatest Hits Radio radiostansiyasiga bergan intervyusida ushbu masala yuzasidan Ofcom mediaregulyatoriga vaziyatni o‘rganish va ehtimoliy choralar bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, platforma o‘z kontenti uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi shart.

«X vaziyatni nazoratga olishi kerak. Bu noto‘g‘ri va noqonuniy. Bunga chidab turolmaymiz», — dedi Starmer. U hukumat fuqarolar xavfsizligi va qonun ustuvorligini ta’minlash masalasida qat’iy pozitsiyada ekanini alohida qayd etdi.

Bloomberg agentligi 3-yanvar kuni Grok sun’iy intellekt modeli tomonidan yaratilgan behayo tasvirlar haqida xabar bergan edi. Mazkur ma’lumotlar ortidan jamoatchilik va siyosiy doiralarda X platformasiga nisbatan nazoratni kuchaytirish zarurati yanada oshdi. Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan, biroq cheklov choralari kun tartibidan tushmagani aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid