add

Davlat qoplab beradigan «prava» puli, qishda bo‘ladigan anomal sovuq va «Shajara» axborot tizimi — 21-noyabr dayjesti

Kecha 22:024614 Daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Davlat qoplab beradigan «prava» puli, qishda bo‘ladigan anomal sovuq va  «Shajara» axborot tizimi — 21-noyabr dayjesti

Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari ozodlikdan mahrum qilindi

Surxondaryoda Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari Asqarali Qurbonov 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Sudga ko‘ra, u fuqaroni bog‘chaga mudir lavozimiga ishga kiritishni va’da qilib, xizmat xonasida 500 dollar pora olgan. Tergovdagi audioyozuvlar va guvohlar ko‘rsatmalari pul qarz emas, balki pora bo‘lganini tasdiqladi.

Sud hukmiga ko‘ra, u davlat hokimiyati tizimida ishlash huquqidan 2 yil 1 oyga mahrum qilindi. Shu bilan birga, pora sifatida olingan 500 dollar davlat daromadiga undiriladi. Sud ayrim epizodlarni dalil yetishmasligi sabab chiqarib tashlagan bo‘lsa-da, asosiy ayblovlar to‘liq isbotlangan deb topildi.

Kambag‘al oila farzandlarining «prava», kontrakt va harbiy xizmat to‘lovlari qoplab beriladi

Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi farmonga ko‘ra, ijtimoiy shartnomalarni bajarmagan yoshlarga bosqichma-bosqich cheklovlar qo‘llanadi: avval 15 kunlik ogohlantirish beriladi, keyin yordam 15–30 foizga qisqartirilishi, 1 oydan 6 oygacha to‘xtatilishi yoki 1 yil va undan ortiq muddatga bekor qilinishi mumkin. Shu bilan birga, shartnomalarni o‘z vaqtida bajarayotgan yoshlarga rag‘batlantirish choralari joriy etilmoqda — ijtimoiy yordamda navbatdan tashqari huquq, yilning eng faol 1000 nafar yigit-qiziga BHMning 3 barobari miqdorida mukofot va boshqa imtiyozlar taqdim etiladi.

2026 yil 1-fevraldan kambag‘al oilalar reyestridagi yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochiladi: safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni bepul o‘tash mumkin bo‘ladi, haydovchilik kurslari xarajatlari «Yoshlar daftari» jamg‘armasidan qoplanadi, kasbiy va oliy ta’limda kontrakt to‘lovining 50 foizgacha qismi shartnoma bajarilishiga qarab moliyalashtiriladi. Bir shaxs bir yilda ikki martadan ortiq ijtimoiy yordam ololmaydi.

Toshkentning chang havosi suv sepib tozalanmoqda

Toshkentda havodagi chang miqdori keskin oshgani sabab shahar hokimligi maxsus tozalash rejimini joriy etdi. Yo‘l qoplamalari muntazam namlanmoqda, favvoralar va mikroiqlim qurilmalari mavsum tugaganiga qaramay qayta ishga tushirildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, yo‘lni suv bilan namlash PM10 va PM2.5 zarrachalarini bir necha soatda pasaytiradi, chunki mayda chang suv tomchilariga birikkan holda havoga qayta ko‘tarilmaydi.

Hokimlikka ko‘ra, bu choralar avtomobil harakati tufayli yuzaga keladigan «ikkilamchi changlanish»ni ham ancha kamaytiradi — xalqaro tadqiqotlarda bu turdagi chang umumiy PMning 25–40%ini tashkil etishi aytilgan. Yo‘l va yashil hududlarni namlash mikroiqlimni sovitib, changning havoda uzoq saqlanishini oldini oladi. Daraxt va butalar ham tabiiy filtr sifatida PM zarralarini ushlab qoladi. Yo‘llarni suvlash muammoni to‘liq hal qilmasa-da, ifloslanishni qisqa vaqt ichida sezilarli darajada kamaytiruvchi muhim chora sifatida qo‘llanilmoqda.

O‘zbekistonda «Shajara» axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Mirziyoyevga arxiv ishi, intellektual mulk va yuridik ta’limni isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Arxiv fondi raqamlashuvini 2030 yilgacha 60 foizga yetkazish, noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish, barcha axborot tizimlarini yagona platformada birlashtirish, hujjatlarni RFID orqali onlayn kuzatish va sun’iy intellekt yordamida tasniflash rejalashtirilmoqda. Taqdimotda eng muhim yangilik sifatida «Shajara» axborot tizimini yaratish taklifi berildi — u fuqarolarga o‘z shajarasini tuzish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim ma’lumotlarini ko‘rish, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarni topish imkonini beradi.

Yuridik ta’limda amaliy mashg‘ulotlar ulushi 50 foizgacha oshiriladi, huquq sohasi bo‘yicha klinikalar ochiladi, «Raqamli huquq» va «Korporativ huquq» kabi yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Shuningdek, intellektual mulk ob’ektlari menejmenti bo‘yicha kadrlar tayyorlash boshlanadi. Tadbirkorlikni yengillashtirish maqsadida 800 ga yaqin eski me’yoriy hujjat bekor qilinishi, 77 tasi qayta ko‘rib chiqilishi va 15 dan ortiq ortiqcha talablar qisqartirilishi rejalashtirilgan.

Bu yil qish qishligini qiladimi? O‘zgidromet prognozlarni e’lon qildi

O‘zgidromet 2025–2026 yillar qish mavsumi uchun dastlabki prognozni e’lon qildi. Tahlillarga ko‘ra, qish umumiy hisobda nisbatan iliq kechadi, ammo yog‘ingarchilik miqdori ayrim oylarda me’yorda, boshqalarida esa kam bo‘lishi kutilmoqda. Dekabr me’yordan 1–1,5 daraja iliq bo‘ladi, yanvar esa ayrim hududlarda biroz sovuqroq o‘tishi mumkin.

Shu bilan birga, qishning eng hassos davri oy oxiri va fevral boshiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda mamlakatga anomal sovuqlar kirib kelishi taxmin qilinmoqda: Nukus va Urganchda harorat -25 darajagacha, boshqa hududlarda -17 darajagacha pasayishi mumkin. Fevralning ikkinchi yarmidan boshlab ob-havo keskin iliqlashib, kunduzgi harorat +10…+15 darajagacha ko‘tarilishi kutilyapti.

Teglar

Mavzuga oid

Davlat qoplab beradigan «prava» puli, qishda bo‘ladigan anomal sovuq va «Shajara» axborot tizimi — 21-noyabr dayjesti | Vaqt.uz