add

Denis Manturov Shavkat Mirziyoyevga Putinning salomini yetkazdi

03.12.2025 | 23:184312 daqiqa

Prezident Mirziyoyev Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Denis Manturov Shavkat Mirziyoyevga Putinning salomini yetkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Rossiyaning Nijniy Novgorod va Omsk viloyatlari, Boshqirdiston va Krasnoyarsk o‘lkasi rahbarlari ham ishtirok etgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar natijalariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarni qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida amalga oshirilishi muhokama qilingan.

«Savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, sanoat zonalari doirasidagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar va biznes darajasida faol hamkorlik aloqalarini davom ettirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi va ishbilarmonlik tadbirlarining natijalari yuqori baholandi.», - deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Rossiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari Prezidentga axborot texnologiyalari, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdimot qilgan.

Teglar

Mavzuga oid