Logo

Dollar 2026-yildagi eng past darajaga tushib ketdi

Bugun 16:512 daqiqa

So‘mga nisbatan dollar kursi 8 oylik eng past ko‘rsatkichni ko‘rsatmoqda.

Dollar 2026-yildagi eng past darajaga tushib ketdi © Foto: Bloomberg

Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda 6-avgust kuni amal qiladigan AQSH dollarining rasmiy kursi 55,49 so‘mga pasayib, 11 ming 886,72 so‘m etib belgilandi.

Dollarning bu kursi 2025-yilning 3-dekabr sanasidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Iyul oyida dollar kursi so‘mga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qolgandi. Iyun oyida esa mustahkamlanish kuzatilgandi.

Biroq avgustda dollar kursi qadrsizlanishni boshladi. Dastlabki 4 ish kuni ichida kurs qariyb 120 so‘mga tushib ketdi.

Umuman olganda, dollar yil boshidan beri 12 ming 4,41 so‘mlik darajadan 1,2 foizga qadrsizlandi.

Dollar kursi O‘zbekistonda qanday shakllanadi?

O‘zbekistonda dollar kursi Respublika valuta birjasidagi savdolar asosida shakllanadi. Bu yerda banklar xorijiy valutani sotib oladi va sotadi, kurs esa talab va taklif muvozanatiga qarab belgilanadi.

Import to‘lovlari ortsa xarid kuchayib, kurs ko‘tarilishi mumkin, eksport tushumlari va valuta taklifi oshsa esa aksincha bosim kamayadi.

Savdolar yakunlariga ko‘ra Markaziy bank rasmiy dollar kursini e’lon qiladi. Banklardagi sotib olish va sotish kurslari esa xizmat xarajatlari hamda valuta xatarlari hisobiga rasmiy kursdan farq qiladi.

So‘m nega dollarga nisbatan kuchli bo‘lib qolmoqda?

Bu O‘zbekistonning iqtisodiy holati, eksport tushumlari va birjadagi talab-taklif omiliga bog‘liq.

2026-yil birinchi yarim yilligida mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizlik o‘sishni qayd etdi. Bu yarim yil uchun so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Yanvar—may oylarida jismoniy shaxslarning chet el valutasiga bo‘lgan taklifi talabdan deyarli ikki barobar yuqori bo‘ldi.

5 oyda aholi banklarga 10,2 mlrd dollarlik xorijiy valuta sotgan bo‘lsa, ularning banklardan sotib olgan valuta miqdori 5,5 mlrd dollarni tashkil qildi.

Bundan tashqari, geosiyosiy keskinliklar, global notinchlik va xavotirli iqtisodiy vaziyat fonida dollarning global mavqei avvalgidek emas. Bu ham so‘nggi yillarda so‘mning dollarga nisbatan bardoshli bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Dollar 2026-yildagi eng past darajaga tushib ketdi | Vaqt.uz