add

«Do‘stlik g‘alaba qozondi»: Tailand va Kambodja sulh tuzdi

Kecha 21:421 daqiqa

20 kunlik qonli to‘qnashuvlardan so‘ng qo‘shni davlatlar chegarada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

«Do‘stlik g‘alaba qozondi»: Tailand va Kambodja sulh tuzdi

Tailand va Kambodja 20 kun davom etgan shiddatli harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng, chegarada o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qayta tiklash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Bu haqda Tailandning Thai PBS davlat telekanali xabar berdi.

Tailand Mudofaa vaziri Nattxapxon Nakpxanit va uning kambodjalik hamkasbi Tea Seyxa tomonidan imzolangan ushbu hujjat 27-dekabrdan kuchga kirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar Chegara masalalari bo‘yicha umumiy qo‘mita doirasida Tailandning Chantxaburi provinsiyasidagi "Ban Pxakkrat" nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar taxminan 40 daqiqa davom etgan.

Imzolash marosimida xalqaro kuzatuvchi sifatida Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) mamlakatlarining harbiy attashelari guruhi ishtirok etdi. Guruhga Malayziyaning Bankokdagi harbiy attashesi, brigada generali Samsul Riza Bin Musa boshchilik qildi. Kelishuv imzolangach, Kambodja delegatsiyasi o‘z hududiga qaytib ketgan.

Tailand va Kambodja chegarasidagi og‘ir texnika, artilleriya va aviatsiya qo‘llanilgan qurolli nizo 7-dekabr kuni qayta boshlangan edi.

Tailand Qurolli kuchlarining 22-dekabrdagi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, jangovar harakatlar oqibatida 22 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, 120 dan ortiq kishi yaralangan.

Kambodja rasmiylari tinch aholi orasida 30 kishi halok bo‘lgani va 87 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Chegara hududlarida har ikki tomondan 400 mingdan ortiq odam uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid