«Dubaydagi dahshatli tun»: Eron zarbalari BAAning biznes markazidagi sokinlikni izdan chiqardi

01.03.2026 | 11:404 daqiqa

Dubay AQSH harbiy bazalariga yaqinligi uchun emas, balki o‘zi anglatadigan ramziy ma’nosi tufayli nishonga olingan bo‘lishi mumkin. Bu esa katta-kichik investorlarni ikki marta o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi.

«Dubaydagi dahshatli tun»: Eron zarbalari BAAning biznes markazidagi sokinlikni izdan chiqardi

Eron 28-fevral kuni AQSH va Isroilning kutilmagan hujumiga javob sifatida Arab ko‘rfazi bo‘ylab qattiq raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi. Biroq Dubay asosiy zarbani qabul qilgandek ko‘rindi. Bu haqda «Middle East Eye» xabar berdi.

Birlashgan Arab Amirligi tarkibidagi yetti amirlikdan biri bo‘lgan Dubay mintaqaning hordiq va ko‘ngilochar markazi hisoblanadi; bu yerda yirik biznes kelishuvlari imzolanadi va nishonlanadi. 28-fevral kuni esa shaharni quyuq tutun va alanga qopladi – raketa va dronlar yomg‘irdek yog‘dirildi.

Bu zarbalar nafaqat geosiyosiy ahamiyatga ega, balki Yaqin Sharqdagi tinchlik va savdo «vohasi» sifatidagi Dubay nufuziga ham putur yetkazdi. Dubay pandemiyadan keyin aktivlar narxining keskin o‘sishi, kriptovalyuta bozorining jonlanishi va masofaviy ish formati kengayishi ortidan dunyoda eng katta manfaat ko‘rgan shaharlardan biri bo‘ldi.

Past soliq stavkalari va soddalashtirilgan byurokratiyadan unumli foydalangan holda, Dubay London bankirlari hamda amerikalik «finance bro»lar uchun o‘ziga xos magnitga aylandi. Uning moliyaviy institutlari esa oltin savdosi bilan shug‘ullangan sudanlik qurolli guruh yetakchilaridan tortib, Sharqiy Yevropadagi urushdan qochgan rossiyalik va ukrainalik ekspatlar uchun ham boshpana vazifasini bajarib kelgan.

Dubayning ko‘chmas mulk bozori uning muvaffaqiyatining yaqqol isbotidir – 2020 yildan beri narxlar 75 foizga oshgan.

Uzoq davom etuvchi urush Dubaydagi ko‘chmas mulk bumini qayta baholaydimi?

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Yaqin Sharqdagi cho‘zilgan urush katta-kichik investorlarni ikki marta o‘ylab ko‘rishga majbur qilishi mumkin.

28-fevral kuni Dubaydan chiqqan eng ramziy tasvirlardan biri besh yulduzli «Fairmont The Palm» mehmonxonasi hududini alanga qamrab olgani bo‘ldi. Ayrim sharhlarda yong‘in havo hujumidan himoya qiluvchi raketa parchalari tufayli chiqqan deyilgan bo‘lsa-da, bir nechta videolar mehmonxona Eron droni tomonidan urilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Dronning «Palm Jumeirah» hududiga urilgani aks etgan tasvirlar qo‘shni Bahrayndagi AQSH Beshinchi floti shtabiga dron zarbasi berilgani aks etgan videolarga o‘xshash. Balkondan olingan yana bir video esa dron aynan «Fairmont The Palm»ga tekkanini ko‘rsatadi.

«Bu kadr allaqachon Singapur, London yoki Syurix o‘rniga BAAni tanlagan har bir ekspatning guruh chatlarida, direktorlar kengashi majlislarida va oilaviy WhatsApp yozishmalarida tarqalmoqda. Zamonaviy Dubayni barpo etgan hisob-kitoblar odamlar yotoqxonasi oynasidan shahar osmoni yonib turganini tomosha qilar ekan, real vaqt rejimida qayta baholanmoqda», – deb yozdi X tarmog‘idagi sharhlovchilardan biri.

Dubay Eron zarbalari oqibatida vayron qilinmadi, ammo yuzaga kelgan oqibatlar shahar Yaqin Sharqning beqaror siyosatidan himoyalangan emasligini ko‘rsatdi. Bu esa aktivlar narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va erkin harakatlanuvchi investorlarni o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.

«Bu dubayning eng katta dahshati, chunki uning mohiyati muammoli mintaqada xavfsiz voha bo‘lishga tayangan edi. Barqarorlikka erishish yo‘li bo‘lishi mumkin, ammo orqaga qaytish yo‘q», – deb yozdi Fors ko‘rfazi bo‘yicha ekspert Sinsiya Bianko X tarmog‘ida.

Eron hujumi paytida BAA rasmiylari dunyodagi eng baland bino – Burj Halifni evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, dunyodagi eng band aeroportlardan biri sifatida e’tirof etilgan «Al Maktoum International Airport» reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatdi.

Arab ko‘rfazining qolgan qismi amalda Dubay biznesidan ulush olish uchun kurashmoqda, ular ham boy global fuqarolarni jalb qilishga harakat qiladi, ammo turlicha marketing uslubi bilan: «yashirin boylik» imijiga ega Doha, yangi da’vogar Riyod va an’anaviy Masqat.

Hatto Suriya, Misr va Iordaniya kabi nisbatan kambag‘al va rivojlanishga intilayotgan davlatlar rasmiylari ham jurnalistlar va bankirlar bilan suhbatlarda Dubayni o‘z taraqqiyot modeli sifatida tilga oladi.

Eron hujumlari mintaqaviy biznes «pufaklari» Isroil va AQSH siyosatchilari qarorlariga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatib berdi. Dubay atrofida ayrim portlar AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kemalarini qabul qiladi, ammo zarbalar shu jihati bilan ham ahamiyatli bo‘ldiki, shahar ma’lum AQSH harbiy bazalari yaqinida joylashmagan. Bu esa Eron Dubayni uning biznes markazi sifatidagi ahamiyati tufayli nishonga olganini anglatishi mumkin.

Ko‘rfazdagi mansabdorlardan biri «Middle East Eye»ga aytishicha, rahbariyat BAA Eronning kuchli zarbalariga duch kelishini kutgan, chunki mamlakat Eronga geografik jihatdan yaqin va Abu-Dabi Isroil bilan yaqin siyosiy munosabatlarga ega. BAA 2021 yilda AQSH vositachiligida imzolangan Ibrohim kelishuvlaridan so‘ng Isroilning eng yaqin arab hamkoriga aylangan.

Eron Ko‘rfaz davlatlariga AQSH urushini qo‘llab-quvvatlash uchun bahona berdimi?

AQSHning «Al Dhafra Air Base» aviabazasi BAA poytaxti Abu-Dabi yaqinida, Dubaydan taxminan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan. Kichik Bahraynga berilgan zarbalar esa, ko‘rinishicha, AQSH Beshinchi floti shtabiga qaratilgan bo‘lib, u amalda mamlakat poytaxti Manama markazida joylashgan. Xuddi shunday, Doha ham Eron o‘qi ostiga tushgan va u mamlakatdagi muhim obyektlardan atigi 35 kilometr masofada joylashgan.

Ayni paytda, Eronning butun Arab ko‘rfazi bo‘ylab bergan zarbalari avval Sudan, Yaman va G‘azo masalalarida o‘zaro kelishmovchilikka ega bo‘lgan mintaqaviy yetakchilarni yaqinlashtirgandek tuyuladi. Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon 28-fevral kuni BAA prezidenti Muhammad bin Zayin ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi va BAAga hamjihatlik bildirdi.

Ko‘rfaz bo‘ylab zarbalar berish orqali Eron arab monarxiyalariga AQSHni urushda qo‘llab-quvvatlash uchun siyosiy asos yaratib berayotgan bo‘lishi mumkin.

«Eron Ko‘rfaz davlatlari kengashini eskalatsiya pog‘onasi bo‘ylab yuqoriga majburlamoqda. Ular javob qaytarish yoki kamida AQSHga o‘z hududlaridan hujum operatsiyalarini amalga oshirish uchun kengroq erkinlik berishni ko‘rib chiqishlariga to‘g‘ri keladi», – deb yozdi «Eurasia Group» tahlilchisi Firas Maksad X tarmog‘ida.

Biroq Eron boshqacha ssenariyni ham hisobga olayotgan bo‘lishi mumkinya, ya’ni Ko‘rfaz davlatlari, ayniqsa o‘zlari Eron zarbalaridan kattaroq yo‘qotishlarga uchray boshlasa, AQSHni mojaroni deeskalatsiya qilishga undaydi, degan hisob-kitob.

Teglar

Mavzuga oid