Toshkentda renovatsiya uchun «kvartiralar banki» tashkil etiladi
Prezident qarori bilan Toshkentda renovatsiyaning yangi mexanizmi joriy etiladi. Unga ko‘ra, «kvartiralar banki» tashkil qilinib, davlatga tegishli ko‘chmas mulklar «Toshkent Invest» ixtiyoriga o‘tkaziladi.
© vaqt.uzPrezidentning Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid qarori bilan poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi mexanizmlari belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, «Toshkent Invest» kompaniyasi tajriba tariqasida 2031 yilgacha renovatsiya hududidagi mulkdorlar uchun «kvartiralar banki»ni tashkil etishi mumkin bo‘ladi.
Xonadonlar kompensatsiya va vaqtinchalik yashash uchun beriladi
«Kvartiralar banki»dagi uy-joylar renovatsiya hududidagi mulkdorlarga kompensatsiya sifatida yoki ular yangi uyga ko‘chib o‘tguniga qadar vaqtinchalik ijara asosida taqdim etiladi.
Mazkur xonadonlarni qayta taqsimlash tartibi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
«Kvartiralar banki»ni shakllantirish uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan foydalanishga ruxsat berildi. Turar va noturar joylar «taklif so‘rovi» asosida xarid qilinadi.
Davlat ko‘chmas mulklari «Toshkent Invest»ga o‘tkaziladi
Qarorga muvofiq, renovatsiya amalga oshiriladigan hududlardagi davlat mulki hisoblangan ko‘chmas mulklar utilizatsiya qiymati bo‘yicha «Toshkent Invest» tasarrufiga o‘tkaziladi.
Davlat korxonalariga tegishli ko‘chmas mulklar esa mustaqil baholovchi tomonidan belgilangan narxda kompaniyaga uch yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Shuningdek, renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan hududlardagi davlat ko‘chmas mulk obyektlari ham «Toshkent Invest» ustav kapitaliga utilizatsiya qiymatida o‘tkaziladi.
Qurilgan obyektlar onlayn auksionda sotiladi
Qarorga ko‘ra, «Toshkent Invest» renovatsiya doirasida qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan turar va noturar obyektlarni onlayn auksionlar orqali sotishi mumkin.
Tayyor biznes obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshiradigan pudratchilar amaldagi tartib asosida tanlab olinadi.
Vaqt.uz avvalroq ayni shu qaror bilan Toshkentga 2 yilda $10 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.





