Qozog‘istonda ishonch yangi iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
«Investing.com» mualliflariga ko‘ra, bu tendensiya nafaqat Markaziy Osiyo, balki Saudiya Arabistoni, Hindiston va BAA kabi davlatlarda ham kuzatilmoqda.
© kapital.kzXalqaro tahliliy platforma hisoblangan «Investing.com» Qozog‘iston haqida «Ishonch yangi kapitalga aylanmoqda: Qozog‘iston investorlar xavfi reytingida 17 pog‘onaga ko‘tarildi» sarlavhali maqolani e’lon qildi.
Unda mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib borayotgani, investitsiyalar hajmi ortib, iqtisodiyot diversifikatsiya qilinayotgani hamda biznes muhiti rivojlanayotgani qayd etilgan.
Mualliflarning ta’kidlashicha, ilgari davlatlar investorlarni arzon ishchi kuchi, soliq imtiyozlari va tabiiy resurslar orqali jalb qilgan bo‘lsa, bugungi kunda vaziyat o‘zgargan. Pandemiya, geosiyosiy inqirozlar va global ta’minot zanjirlaridagi o‘zgarishlardan keyin investorlar uchun davlat boshqaruvi sifati, iqtisodiy siyosatning barqarorligi va uzoq muddatli ishonch muhim omilga aylangan.
Endi ishonch iqtisodiy kapital sifatida baholanmoqda. Bu moliya jalb qilish xarajatlari, yirik loyihalarni amalga oshirish tezligi, xalqaro kompaniyalarning yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ochishga tayyorligi va investitsiya xavflari darajasiga bevosita ta’sir qiladi.
Maqolada qayd etilishicha, bu tendensiya nafaqat Markaziy Osiyo, balki Saudiya Arabistoni, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarda ham kuzatilmoqda. Tabiiy resurslarga boy mamlakatlar iqtisodiyotini xomashyoga bog‘liqlikdan chiqarish uchun qayta ishlash sanoati, logistika va zamonaviy ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirmoqda.
Shu sharoitda Qozog‘iston yangi raqobat muhitida o‘z o‘rnini mustahkamlayotgan davlatlardan biri sifatida tilga olingan. 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 9,6 foizga oshib, 20 milliard dollardan oshdi. Xususiy investitsiyalar esa 21 foizdan ko‘proq o‘sgan.
Bundan tashqari, Qozog‘iston «Safest Countries for Investors 2026» xalqaro reytingida 17 pog‘onaga ko‘tarilib, 70-o‘rindan 53-o‘ringa chiqdi va Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi. Xalqaro moliya institutlari ham mamlakat istiqbolini ijobiy baholamoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026-yilda 4,6 foizga o‘sishini prognoz qilgan. Jahon banki esa barqaror iqtisodiy o‘sish keyingi yillarda ham davom etishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston zaxira strategiyasi o‘zgarishi fonida oltin xaridida dunyoda kuchli beshlikka kirdi.





