Olmazordagi hodisa bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Ushbu qurilishga aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 2 ta moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan.
© Kollaj: Vaqt.uzAvvalroq Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Orzu massivida ko‘p qavatli uy yaqinida joylashgan qurilish kotlovanining bir qismi o‘pirilib tushgani haqida yozgan edik. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Vaqt.uz so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ushbu qurilishga aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddasida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan. Hozirda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, hodisa oqibatida 1 kishi jarohat olgan. Ayni paytda u shifoxonada davolanmoqda.
Hodisa 2-avgust kuni yuz bergandi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu bo‘yicha munosabat bildirib, hodisa oqibatida jabrlanganlar hamda tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘qligini ma’lum qilgandi. Ammo tarqalgan videolarda qurilish maydonidagi ayrim ishchilarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani ham aks etgandi.
Voqea oqibatida asfaltning bir qismi o‘pirilgani, uning ostida katta bo‘shliq hosil bo‘lgani va bu yo‘lning yanada cho‘kib ketishi xavfini yuzaga keltirgani aytildi. Shuningdek, elektr kabeli shikastlanib, yong‘in yuzaga kelgani va hudud bir muddat elektr ta’minotisiz qolgani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi boshida poytaxtning Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joyda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangandi.





