Toshkent shahrida to‘rtta ramziy darvoza quriladi
Poytaxtdagi «Chorsu» va «Eski Juva» rekonstruksiya qilinib, shaharda to‘rtta ramziy darvoza, «Yoshlar shaharchasi», ekobog‘lar va yangi turistik maskanlar quriladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarPrezident Shavkat Mirziyoyevning 27-iyul kuni imzolagan «Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori poytaxtni rivojlantirishning yangi bosqichini belgiladi. Hujjatda turizm, madaniy meros, ekologiya, transport va jamoat infratuzilmasini qamrab olgan o‘nlab loyihalar nazarda tutilgan.
Eng yirik tashabbuslardan biri shaharning to‘rtta kirish qismida — Rohat, Bektemir, Erkin va Uch qahramon yo‘nalishlarida ramziy darvozalar qurilishi hisoblanadi.
Ularning asosiy maqsadi Toshkentning zamonaviy arxitektura timsolini yaratish va poytaxtga tashrif buyuruvchilarda ilk taassurotni kuchaytirishdan iborat.
Tarixiy hududlar yangilanadi
Qarorga muvofiq, poytaxtning eng mashhur tarixiy savdo hududlaridan bo‘lgan «Chorsu» bozori va «Eski Juva» majmuasini kompleks rekonstruksiya qilish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Hujjatda rekonstruksiya jarayonida «Chorsu»ning tarixiy qiyofasini to‘liq saqlash alohida talab sifatida belgilangan. Barcha gumbazlar, mozaika pannolari va boshqa arxitektura elementlari restavratsiya qilinib, ularga zarar yetkazilishining oldi olinadi.
Shuningdek, loyihalarni ishlab chiqishda me’morlar, olimlar hamda madaniy meros sohasi mutaxassislarining takliflari inobatga olinadi. Madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda har qanday qurilish yoki rekonstruksiya ishlari Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Yunusobod tumanidagi Sayilgoh hududida esa barcha bino va inshootlar yagona «dizayn kod» asosida ta’mirlanadi.
Turizm uchun 1 trillion so‘m
2030 yilgacha Toshkentda gastronomik, turistik, soyali sayr hamda tun-u kun faoliyat yuritadigan ko‘chalarni tashkil etish uchun bosqichma-bosqich 1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shu bilan birga, avtobus bekatlari, metro stansiyalari, temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda turistlar uchun shahar obyektlari aks ettirilgan onlayn xarita platformasi joriy etiladi. U mobil telefonlarga bepul yuklab olish imkonini beradi va xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan integratsiya qilinadi.
Bu tashabbuslar poytaxtga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun navigatsiyani yengillashtirish hamda turistik xizmatlardan foydalanishni soddalashtirishga xizmat qiladi.
Ekologiyaga alohida e’tibor
Qarorda ekologik infratuzilmani rivojlantirishga ham katta o‘rin berilgan.
Jumladan, yopiq drenaj tizimlari va kollektorlar ta’mirlanadi, yangi kanallar quriladi hamda yomg‘ir suvini yig‘ib, uni daraxtlar va yashil hududlarni sug‘orishga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.
Shayxontohur tumanidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida noyob tut daraxtlari saqlab qolingan holda ekobog‘, tematik dam olish hududlari va ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Keyinchalik ayrim obyektlar tayyor biznes sifatida elektron auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Bundan tashqari, Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligiga 310 gektar yer ajratilib, bu yerlarda «yashil belbog‘» va «yashil bog‘»lar barpo etiladi. Ushbu hududlarda yerlarni xususiylashtirish, daraxtlarni ko‘chirish va qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Shuningdek, aholi yashash joylaridan 15 daqiqalik piyoda masofada kichik yashil bog‘lar tashkil etiladi.
«Yoshlar shaharchasi» tashkil etiladi
Chilonzor tumanidagi sobiq Respublika onkologiya markazi Toshkent shahar filiali o‘rnida «Yoshlar shaharchasi» barpo etiladi.
Majmuada mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dual ta’lim tashkil etiladi. Shuningdek, yuqori texnologiyalar zonalari, xizmat ko‘rsatish maydonlari, kutubxona, simulyatsiya ustaxonalari, biznes ofislari, startap studiyasi va «Yoshlar bog‘i» quriladi.
Loyiha yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirishi va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qaror bilan poytaxtdagi 35 ta bozor, savdo kompleksi va ularning shoxobchalari ommaviy savdolarga chiqarilishi haqida xabar berilgandi.





