Saida Mirziyoyeva: «Barchamiz zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lsakkina, jamiyatimizda xavfsizlik hukm surishi mumkin»
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan 2026-yilning 28-iyunidan yanada keskin jazo choralari ko‘rishga oid qonunchilik normalari kuchga kirganini eslatdi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun jazo choralari kuchaytirilganini eslatdi. Qayd etilishicha, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan joriy yilning 28-iyunidan yanada keskin jazo choralari ko‘rishga oid qonunchilik normalari kuchga kirgan.
Endi bunday qilmishlar uchun ma’muriy jarimalar ikki baravar oshirildi. Bundan tashqari, huquqbuzarlarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Bu turdagi noqonuniy xatti-harakatlarni qilishda davom etgan shaxslar esa jinoiy javobgarlikka tortilib, ozodlikdan mahrum qilinishi nazarda tutilmoqda.
«Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri bor, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun jazoning kuchaytirilishi jamiyatda shu qonuniyatga bo‘ysunadigan sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Biz aynan shunday dunyoda yashashni va farzandlarimizni xuddi shu ruhda voyaga yetkazishni istaymiz. O‘zgalar hayotiga hurmat bolalikdan boshlanadi. Bu borada asosiy mas’uliyat ota-onalarning zimmasida. Aynan ular ojizlarga ozor yetkazish mumkin emasligini, odam o‘z kuchini shafqatsizlik orqali namoyon etishi noto‘g‘ri ekanini farzandlariga o‘rgatadilar. Men ota-onalarni ushbu muhim haqiqatni doimo esda tutishga chaqiraman», — deya yozdi Saida Mirziyoyeva.





